10 dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun. Bu sana har bir yurtdoshimiz, vatandan uzoqda yurgan minglab o‘zbekistonliklar uchun qadrli. Madhiyamiz ularning yuragini vatanga bog‘lab turuvchi ko‘rinmas, biroq juda kuchli rishta.
– Madhiyamizni eshitgan paytim Riga bilan Toshkent orasidagi minglab kilometr masofa bir lahzada yo‘qolgandek bo‘ladi. Bolaligim, mahallam, onamning duosi ko‘z oldimda jonlanadi, – deydi Rigada tahsil olayotgan Bexzod Asqarov.
Bunday hislar Germaniyada oilasi bilan yashayotgan Nilufar Ortiqovaga ham begona emas.
– Har gal madhiyamizni eshitganimda farzandlarimga ham uni his qildirishga harakat qilaman. Ularga: “Bu sening ona yurting haqidagi qo‘shiq. Sen qayerga borma, kelib chiqishing shu yerdan”, deb tushuntiraman, – deydi u. – Germaniyada hayot yaxshi, imkoniyatlar keng, lekin ona yurt baribir boshqacha. Madhiyamizni eshitganda ko‘zimga yosh keladi. Bu sog‘inish, g‘urur va Vatanga muhabbatning birlashgan timsoli.
Darvoqe, madhiyamiz olisdagi har bir vatandoshimizni Ona yurtga bog‘lab turadi. Ushbu qo‘shiqning har bir notasi dunyo bo‘ylab yurgan o‘zbekistonliklar qalbida bir xil mehr bilan yangraydi.
Nigora Rahmonova, O‘zA