Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Made in Uzbekistan” – dunyo tanloviga aylandi
16:43 / 2016-02-16

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotganiga qaramasdan, dunyodagi sanoqli mamlakatlar qatorida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishi keyingi o‘n bir yil davomida 8 foizdan ziyod bo‘lib kelmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida yurtimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy avtomobillar, telekommunikatsiya uskunalari, komputer texnikasi, keng turdagi maishiy elektronika mahsulotlari, jahonga mashhur matolaru, ulardan tayyorlanayotgan kiyim-kechaklarga dunyo havas qilmoqda.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotganiga qaramasdan, dunyodagi sanoqli mamlakatlar qatorida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishi keyingi o‘n bir yil davomida 8 foizdan ziyod bo‘lib kelmoqda. Prezidentimiz mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida jahon miqyosida savdo-sotiq ishlari sur’ati sezilarli darajada sustlashgani, eksport qilinadigan eng muhim tovarlarga nisbatan tashqi talabning kamayishi va narxlarning pasayishiga qaramasdan, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida ijobiy saldoga erishganini alohida ta’kidladi.

Darhaqiqat, “Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlarimiz dunyo bozorlaridan mustahkam joy oldi. Korxonalarimiz jahonga qariyb barcha turdagi tovarlarni – oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, qurilish materiallari, zamonaviy texnikalargacha taklif etmoqda. Xalqaro andozalar asosida ishlab chiqarilayotgan bu mahsulotlar yuksak sifati bilan xorijlik iste’molchilarga manzur bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligidan ma’lum qilishlaricha, 2015-yilda mamlakatimizdan eksport qilingan jami mahsulotlarda xizmatlar – 24,5 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari – 10,2, qora va rangli metall – 6,4, paxta tolasining ulushi – 5,7, kimyo sanoati mahsulotlari – 4,8 foizni tashkil etgan.

Birgina qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish va aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasidagi islohotlar samarasida O‘zbekiston umumiy qiymati besh milliard dollardan ziyod oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilmoqda. So‘nggi uch yilda tashqi bozorga yo‘naltirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi uch barobardan oshdi. Bugungi kunda mamlakatimiz saksondan ortiq davlatga 180 turdan ortiq meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilayotir.

O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam, boshqa ko‘plab meva va sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmi bo‘yicha dunyodagi o‘nta yetakchi davlat qatorida turadi. 2015-yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotiga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotiga sazovor bo‘lgan 14 davlatdan biri sifatida e’tirof etildi.

Mamlakatimizda yengil sanoat mahsulotlari eksporti ko‘lami ham yil sayin kengayib bormoqda. “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilot tarkibida uch yuzdan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shulardan 250 dan ortig‘i eksportchi korxonalardir. Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat mahsulotlari Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrika mamlakatlariga yetkazib berilayotir. Jumladan, o‘tgan yili qiymati bir milliard dollardan ziyod yengil sanoat mahsulotlari eksport qilindi.

– Sobiq tuzum davrida xorijiy davlatlar paxtamizni sotib olib, uni qayta ishlab, so‘ng tayyor mahsulot holida o‘zimizga qayta pullar edi, – deydi “Ariya Teks” korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Ravshan Muhrumboyev. – Istiqlol sharofati bilan tayyor mahsulot ishlab chiqarish, uni jahon bozoriga taklif qilish, dunyo tadbirkorlari bilan raqobatlashish imkoniga ega bo‘ldik. Bugun korxonamizda tayyorlanayotgan zamonaviy dizaynga ega tikuvchilik va trikotaj tovarlari, maxsus ish kiyimlari xorijga eksport qilinayotir.

Fransiyaning yetakchi “Exuinoxe” kompaniyasi prezidenti Kristofe Briolin O‘zbekistonda moda va dizayn sohasini rivojlantirish uchun barcha zarur omillar – iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik, intellektual g‘oyalar mavjudligi, mamlakatimiz paxta va to‘qimachilik sanoati ulkan salohiyatga ega ekanini ta’kidlagan. Bu O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ko‘plab turdagi to‘qimachilik mahsulotlari jahon yengil sanoati bozorida o‘z o‘rniga ega ekanidan dalolatdir. “Exuinoxe” Namangan viloyatidagi erkaklar ustki kiyimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Ideal” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan bir yildan buyon ko‘plab yangi modellar dizaynini yaratish borasida hamkorlik qilib kelmoqda.

Har qanday korxonaning raqobatbardoshligi mahsulot sifatiga qarab belgilanadi. Shu bois yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirishda xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Aholining uzog‘ini yaqin qiladigan, hayot sifatini oshiradigan vositalardan biri – avtomobil. O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarilishi, uni xorijiy davlatlarga eksport qilish ilgari tushimizga ham kirmagan. Bugun har ikki oilaning birida yurtimizda ishlab chiqarilgan mashina.

Hozirgi kunda avtomobillarimiz o‘ndan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda. Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston avtomobil sanoatining 250 dan ortiq dileri faoliyat ko‘rsatmoqda. Zamonaviy dizayn va yuqori texnik imkoniyatlarga ega o‘zbek avtomobillari iste’molchilar ishonchini qozonib, mamlakatimiz iqtisodiyoti salohiyatini butun dunyoga namoyish etmoqda.

O‘zbekistondagi makroiqtisodiy barqarorlik, qulay ishbilarmonlik muhiti, bu boradagi puxta mexanizm xorijiy sarmoyadorlar qiziqishini orttirmoqda. Yurtimizda chet ellik investorlar bilan tuzilgan qo‘shma korxonalar yil sayin oshib borayotgani buning yaqqol tasdig‘idir. Jumladan, “East Butterfly”, “Novopharma Plus”, “Global Komsco Daewoo”, “Uztex-Tashkent”, “Los gigantes textiles”, “Agromir”, “O'zelectroapparat Electroshield”, “Infinity Electronics”, “Eclair Cosmetic”, “Istiqlol Textile Dezign”, “Bahor Plastiss” kabi qo‘shma korxonalarda ishlab chiqarilayotgan yuksak sifatli, raqobatbardosh mahsulotlar dunyoning turli mamlakatlariga eksport qilinmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2013-yil 8-avgustdagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Korxonamiz elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan mintaqadagi yagona sanoat muassasasidir, – deydi “O'zelectroapparat Electroshield” qo‘shma korxonasining tijorat ishlari bo‘yicha direktori Sherzod Shukurov. – Ular orasida o‘rta va yuqori voltli komplekt moslamalar, ochiq konlar uchun yuqori voltli uskunalar, quvurlarni katodli himoya qilish texnologiyalari, kondensator qurilmalari, elektr apparatlari va elektromontaj mahsulotlari, keng turdagi xalq iste’mol tovarlari bor. Shuningdek, metalldan ofis va tibbiyot muassasalari uchun turli hajm va rangdagi mebel jihozlari tayyorlanadi. Mahsulotlarimiz yuqori sifati va xalqaro talablarga javob berishi bilan ajralib turadi. Qulay sarmoyaviy muhit, soliq va bojxona imtiyozlari korxonamizda ishlab chiqarish hajmini muttasil oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz ana shu qulay imkoniyatlardan unumli foydalanib, mahsulotlarimiz eksportini yanada oshirishdan iborat.

Ushbu sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish, mamlakatimiz korxonalarini eksport faoliyatiga jalb etish, ularning mahsulotlarini tashqi bozorlarga yo‘naltirish, milliy mahsulotlar eksporti salohiyatini yuksaltirishda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Jamg‘arma tomonidan saksonga yaqin xorijiy tashkilot bilan hamkorlik o‘rnatilgani kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga o‘z mahsulotlarini eksport qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Mazkur jamg‘arma ko‘magida yurtimiz ishlab chiqaruvchilari chet ellarda o‘tkazilayotgan yirik xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda ishtirok etib, o‘z mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish va jo‘g‘rofiyasini kengaytirish, xaridorlar topish va shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘lmoqda.

– Atlas, adras, beqasam singari milliy matolardan liboslar va aksessuarlar tikamiz, – deydi qashqadaryolik xususiy tadbirkor Umida Fozilova. – Yurtimizda hunarmandlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli milliy matolardan tikilgan liboslarimiz xalqaro miqyosda keng ommalashmoqda. Xitoy, Hindiston, Rossiya kabi mamlakatlarga mahsulotlarimizni eksport qilamiz. Eksport jo‘g‘rofiyasini yanada kengaytirish niyatidamiz.

Jamg‘arma va uning hududiy filiallari 2019-yilning 1-yanvariga qadar yagona ijtimoiy to‘lovdan boshqa barcha turdagi soliqlar, yig‘imlar, boj hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalar to‘lashdan ozod qilingan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tovarlar va xizmatlarni oldindan haq to‘lamasdan, akkreditiv ochmasdan xorijiy valyutaga eksport qilish huquqiga ega. Bularning barchasi ularga katta imtiyoz yaratib, eksportga keng yo‘l ochayotir.

Davlatimiz rahbarining 2014-yil 29-dekabrdagi qaroriga muvofiq 2015-yilning may-oktabr oylarida mamlakatimiz kompaniya va tashkilotlari eksport salohiyatini yanada oshirish maqsadida Italiyaning Milan shahrida o‘tkazilgan “Expo Milano 2015” jahon ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Unda mamlakatimizning sarmoya, eksport-import, konsalting hamda transport xizmatlari, shuningdek, yengil va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, mashinasozlik, metallurgiya, to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari, xalq iste’mol mollari va mebelsozlik sohasidagi yutuq va imkoniyatlari keng namoyish qilindi.

– O‘zbekistonda eng nozik turdagi mahsulotdan tortib murakkab texnologik jarayonni talab etuvchi barcha turdagi tovarlarni ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Koreya Respublikasining “DY Panel” kompaniyasi menejeri Jeong Min Son. – Mamlakatingizdagi korxonalarga eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilgani katta samara berayotir. O‘zbekistonda xususiy tadbirkorlikni ravnaq toptirish yo‘lida barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, sohaga to‘liq erkinlik berishga katta e’tibor qaratilayotgani bozor iqtisodiyotiga asoslangan rivojlangan demokratik davlat qurish yo‘lidagi islohotlarga yorqin misol bo‘la oladi. Kompaniyamiz O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan qurilish materiallari, jumladan, panel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatida.

Yana bir gap. O‘tgan yili Shveytsariyada Jahon iqtisodiy forumi iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatlar reytingini e’lon qildi. O‘zbekiston mazkur reytingda 5-o‘rinni egalladi. Mazkur hisobotda O‘zbekistonning zamonaviy bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tayotgani ijobiy baholangan. Mamlakatimiz paxta, neft-gaz va kimyo mahsulotlari eksporti bo‘yicha dunyoda yuqori o‘rinlarda turishi qayd etilgan.

Bularning barchasi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar, xalqimizning tinimsiz va fidokorona mehnati, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik samaralari bo‘lib, har birimizga faxru iftixor bag‘ishlaydi.