French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Made in Uzbekistan” brendi ostida to‘qimachilik mahsulotlarining jahon bozorida o‘z o‘rnini egallashiga ko‘maklashiladi
15:29 / 2024-10-16

Keyingi yillarda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati rivojlanish pallasiga kirdi. Negaki, mamlakatimizda yetishtirilayotgan paxta mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘liq qayta ishlanyapti. Sanoat korxonalari soni ortib bormoqda, eksportga yetkazib beriladigan mahsulotlar hajmi ham yildan yilga o‘sib bormoqda.

"O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida bugun o‘zining ikkinchi kungi tadbirlarini taqdim etayotgan “To‘qimachilik va moda sanoati – UzTextileExpo Autumn 2024” 9-xalqaro ko‘rgazmasi ishida yurtimizning ushbu sohadagi yutuqlari yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

“Iteca Exhibition” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonovaning qayd etishicha, mazkur tadbirning asosiy vazifalaridan biri mahalliy to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash, “Made in Uzbekistan” brendi ostida mahsulotlarni jahon bozorlarida eksport qilish va targ‘ib qilishga ko‘maklashishdir.

– Ushbu strategiyaning muhim elementi an’anaviy “Buyer” dasturi bo‘lib, u yaqin va uzoq mamlakatlardan bo‘lajak xaridorlarga to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilari bilan ishchi aloqalarini o‘rnatish uchun noyob imkoniyatni taqdim etadi. Dastur birinchi marta O‘zbekistonda ushbu ko‘rgazmada 2011 yilda ishga tushirilgan va har yili uning afzalliklaridan faqat ishtirokchilar foydalanishi mumkin.  

Bu yil ko‘rgazmada 70 dan ortiq mahalliy kompaniya turli xil mahsulotlar – kalava-ip, mato, trikotaj, barcha yoshdagilar uchun kiyim-kechak, paypoq buyumlari, ichki kiyim trikotaji, uy to‘qimachilik mahsulotlari va ko‘plab boshqa mahsulotlarni havola qilyapti. E’tiborlisi, bu gal xorijiy xaridorlar tadbirga alohida qiziqish bildirdi. Turli mamlakatlardan 200 dan ortiq kompaniya hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va O‘zbekistonning 38 million kishilik bozorga ega yirik yetkazib beruvchi sifatidagi imkoniyatlarini baholash uchun yetib keldi. Ishbilarmonlik uchrashuvlarining maksimal qulayligi uchun 2-pavilonda maxsus muzokaralar maydonchasi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda xaridorlar ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni bevosita muhokama qilmoqda, – dedi O.Bobojonova.

[gallery-19756]

Shuningdek, ishtirokchilar uchun uchrashuvlar va aloqalarni muvofiqlashtirishni osonlashtirish uchun Iteca Connect ilovasi yaratilgan. Ilova orqali ko‘rgazma kompaniyalari haqida to‘liq ma’lumot olish mumkin. Uchrashuvlarni oldindan belgilash, tashriflarni rejalashtirish va shaxsiy beydjlarni olishda ham ushbu ilova yaqin ko‘makchidir.

Eslatib o‘tamiz, 17 oktyabr kuni o‘z ishini yakunlaydigan ko‘rgazma namoyishida olti mamlakatdan 100 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA