Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon Savdo va investitsiyalar bo‘yicha vazirlar kengashi birinchi yig‘ilishida mamlakatimiz investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ta’kidlashicha, mazkur tadbir mamlakatlarimiz hamkorligini mustahkamlash, iqtisodiy muloqotni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Xususan, ishtirokchilar o‘zaro tovar ayirboshlash miqdorini 20 milliard dollarga yetkazish, “Made in Central Asia” brendi ostida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda xalqaro investitsiya jalb etish choralarini muhokama qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, joriy yil 9 oyida O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari va Ozarbayjon bilan tovar ayirboshlash hajmi 10 foiz oshib, 5,5 milliard dollarga yetgan.
Tomonlar transport-logistika, energetika va sanoat sohasida sheriklikni faollashtirish, bojxona tartib-taomilini soddalashtirish, ishlab chiqarish zanjirini birlashtiruvchi sanoat xablari yaratishga kelishib oldilar.
Yig‘ilish yakunida Hamkorlik va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma kommyunike imzolandi.
M.Pirmatova, O‘zA