Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ma’danli suv sanatoriysining yangi binosi foydalanishga topshirildi
21:02 / 2024-07-25

Qashqadaryo viloyatining Koson tumaniga qarashli Alachabop, Maydayobi kabi mahallalar hududida yer qaridan otilib chiqqan tabiiy qaynoq suvli buloqlar mavjud. Ushbu shifobaxsh buloq suvi oyoq va bel og‘rig‘idan aziyat chekkan bemorlarga juda foydali hisoblanadi. Yil davomida ushbu buloq suvidan davo istab keluvchilar soni ortmoqda.

Buni yaxshi anglagan tadbirkorlar ushbu buloq suvlari yonida shinam sanatoriylar barpo etib, shifo istab kelganlarga qulay shart-sharoit yaratmoqda.  

Xususan, tumanning Alachabop mahallasida tadbirkor Eshmurod Elmirzayev tomonidan barpo etilgan “Turon” ma’danli suv sanatoriysining yangi binosi foydalanishga topshirildi.  

Qariyb 10 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod qilingan sanatoriy ochilishida viloyat hokimi M.Azimov, sektor rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

Loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 50 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 150 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu zamonaviy maskanda nafaqat viloyat, balki Respublikamizning boshqa hududlari, qo‘shni davlatlardan davo istab kelayotgan bemorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu sanatoriy 2017 yil tashkil etilgan. Dastlab markaz 70 nafar davolanuvchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda 250 nafar mahalliy va chet ellik fuqaro davolanishi uchun imkoniyatlar yaratilgan.  

Bundan tashqari, maskanda 6 ta o‘tov va 20 bosh tuya mavjud bo‘lib, tuya suti bilan davolash ham yo‘lga qo‘yilgan.  

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri