French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniyatlararo muloqot xalqlarimizni globallashuvning salbiy ta’siridan asrab qoladi
09:39 / 2024-11-10

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalari, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoq orqali muntazam kuzatib boraman.

Mamlakatingizda bir necha bor bo‘lganman. Aytishim mumkinki, O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining butunlay yangi davriga qadam qo‘ydi. Quvonarlisi, olib borilayotgan barcha ishlar zamirida insonning qadrini oshirish, ezgu manfaatini ta’minlash maqsadi yotibdi. Respublikada iqtisodiyot, siyosat, ma’rifat, ilm-fan kabi eng muhim sohalarda erishilayotgan yutuqlar haqida ko‘p gapirish mumkin. Keyingi sakkiz yilda yangilanish, o‘zgarish, taraqqiyot kirib bormagan biror soha qolmadi, desak, yanglishmaymiz. Har bir tizimda zamon talabiga mos islohotlar, oldinga siljish yaqqol kuzatilmoqda. Xususan, madaniyat va san’atda ham. Jumladan, sohaning huquqiy asosi butkul yangilandi. Qator qonunlar, Prezident farmon va qarorlari, hukumatning ko‘plab me’yoriy-huquqiy hujjatlari qabul qilindi. Natijada mutasaddilar, oddiy aholida sohaga munosabat tubdan o‘zgardi, taraqqiyotni yangi o‘zanga burib yubordi.

Biz, turkiy xalqlar umumiy tarixga egamiz. Ota-bobolarimiz qoldirgan bebaho madaniy meros asrlar davomida xalqlarimizning ma’naviy-ruhiy yuksalishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Tuzilmamiz O‘zbekiston bilan ana shu ulkan va qimmatli boylikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, dunyo miqyosida targ‘ib qilish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish maqsadida yaqin hamkorlik qilayotganimizdan nihoyatda mamnunmiz.

Eng asosiysi, mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahnamoligida o‘zbek san’ati hamda madaniyati durdonalarini saqlash va ommalashtirish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar jahonning ko‘plab davlatlari uchun o‘rnak.

Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati, Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandlik, Xivada xalqaro “Lazgi” raqs festivallari o‘tkazilishi ajdodlar yaratgan ulug‘vor merosni bus-butunligicha saqlash va targ‘ib qilishda ulkan ahamiyat kasb etmoqda.

Yurtingizda madaniy meros ob’ektlari va san’at ashyolarini restavratsiya qilish bo‘yicha milliy maktab, shuningdek xalq cholg‘ulari, milliy raqs, maqom yo‘nalishlarida respublika ko‘rik-tanlovlari qayta tiklandi. Jumladan, “Boysun bahori” , Marg‘ilonda “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro musiqa-folklor, Nurota tumanida “Nurli navolar” xalqaro festivallari tashkil etildi. Bundan tashqari  ko‘plab tanlovlar yangi iste’dodlarni kashf etish, ularni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.

“Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildli kitoblar turkumi nashr etilayotgani ko‘ngli o‘zaro yaqin, orzu-umidi mushtarak xalqlarimizni yanada jipslashtirmoqda.

O‘zbekning ko‘hna va betakror san’ati namunasi - “Xorazm lazgisi” hamda “Baxshichilik san’ati” YUNESKO Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani ham e’tirofga loyiq. Zero, madaniyatlararo muloqot, madaniy o‘ziga xoslik va “boshqacha hayot tarzi”ni globallashuv salbiy ta’siridan asrab qolish bugungi kunda nihoyatda dolzarb.

O‘zbekistonda tashkil etilayotgan madaniy forumlar ham ezgu va xayrli maqsadlari bilan ayni vazifani ado etishiga ishonchim komil.

Aqto‘ti RAYIMQULOVA,

Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti