O‘tmish sahifalarini varaqlaganda, O‘zbekiston zamini azaldan turli taqdirlar va madaniyatlarning chorrahasi bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz.
Ana shunday tarixiy jarayonlar natijasida yurtimizda istiqomat qilib kelayotgan xalqlardan biri lezginlardir. Ushbu elat vakillarining O‘rta Osiyoga, xususan, o‘zbek xonliklari hududiga kirib kelishi va mahalliy aholi bilan integratsiyalashuvi chuqur tarixga ega. Mang‘itlar xonadonidan bo‘lgan Muhammad Ya’qub Buxoriyning “Gulshan ul-muluk” (“Podshohlar gulshani”) asarida qayd etilishicha, lezginlarning ilk yirik guruhi XVIII asr o‘rtalarida, Nodirshoh qo‘shinlari tarkibida Buxoro va Xiva xonliklari hududiga kelib o‘rnashgan. Bu fakt lezgin diasporasining yurtimizdagi tarixi ikki yarim asrdan ziyod ekanini ko‘rsatadi.
Lezginlarning mahalliy jamiyat hayotiga singib ketishi shunchaki aholi ko‘chishi emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy zarurat bilan ham bog‘liq edi. Taniqli elshunos olima Olga Suxarevaning tadqiqotlarida keltirilgan toponimik ma’lumotlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Olimaning aniqlashicha, Buxoro shahrining Samarqand darvozasi janubida joylashgan, XVIIIasrda tashkil topgan Shoh Axsi guzarining bir qismi azaldan “Lazgiho” (lezginlar) deb nomlangan. XIX asr oxiriga kelib bu yerda lezginlar istiqomat qilmasa-da, xalq xotirasida bu nom saqlanib qolgani ularning shahar hayotidagi o‘rni muhim bo‘lganidan dalolat beradi.
Hunarmandchilik sohasidagi o‘zaro hamkorlik alohida e’tiborga molik. O‘sha davrda yirik shahar bozorlarida lezgin misgarlari va qalaychilarini ko‘plab uchratish mumkin edi. Ayniqsa, zargarlik san’atidagi tajriba almashinuvi yuqori darajaga ko‘tarilgan. Buxorolik zargarlar qimmatbaho metallarni quyishda maxsus qoliplardan foydalanishni aynan lezgin ustalaridan o‘rganganlar. Shuningdek, uzuk va boshqa taqinchoqlarga qora kumush suvi yugurtirish usuli ham Kavkazdan kelgan ustalardan o‘zlashtirilgan. Bunday texnologik almashinuv mahalliy zargarlik maktabi rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
XIX asr oxirida O‘rta Osiyoda temir yo‘l qurilishining boshlanishi lezgin aholisining ijtimoiy faolligini yangi bosqichga olib chiqdi. “O‘zbekistonning etnik atlasi”ga ko‘ra, Samarqand temir yo‘l qismining o‘zida 330 nafar lezgin millatiga mansub ishchi mehnat qilgan. Taqdir taqozosi bilan Samarqand deposida, keyinchalik mashhur shoir bo‘lib tanilgan, Sulayman Stalskiy ham faoliyat yuritgan. Uning bu yerdagi hayoti va mehnat faoliyati ikki xalq o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarning o‘ziga xos ko‘rinishidir.
O‘zbek zaminida kamol topgan va el nazariga tushgan lezgin ziyolilari talaygina. Shulardan biri – harbiy xizmatchi, yozuvchi va rassom Maqsud Alixonov-Avarskiydir. 1873-yilda Turkiston okrugiga xizmatga yuborilgan bu shaxs o‘lka tarixiga oid qimmatli kuzatishlar qoldirgan. Uning “Xivaga yurish” memuarlari o‘sha davr voqealarini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Shuningdek, 1930-yillarda Buxoroda ijod qilgan mohir kandakor Xojali Kapayev o‘z san’ati bilan shuhrat qozongan. Uning ishlari 1923-yilda Moskvada o‘tkazilgan nufuzli ko‘rgazmada namoyish etilgani uning yuksak mahoratidan dalolat beradi.
Ikki xalq o‘rtasidagi madaniy yaqinlik musiqa va san’atda ham o‘z aksini topgan. 1889-yilda tadqiqotchi R.A.Pfenning qiziqarli bir kuzatuvni e’lon qiladi. Uning yozishicha, bir o‘zbek xalq qo‘shig‘ining kuyi mashhur kompozitor M.Glinkaning “Ruslan va Lyudmila” operasidagi asosiy motivlardan birini aniq takrorlaydi. Mutaxassislar bu o‘xshashlikni Glinkaning Kavkazda eshitgan ohanglari bilan bog‘laydilar. Bu holat masofalar uzoqligiga qaramay, xalqlarning ruhiyati va estetik qarashlari naqadar yaqin ekanini ko‘rsatadi. Xorazm lazgisi va kavkaz lezginkasi o‘rtasidagi uyg‘unlik haqidagi afsonalar ham ana shu ruhiy yaqinlikning ramziy ifodasidir.
O‘zbekistondagi lezgin aholisining soni yillar davomida barqaror o‘sib borgan. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 1926-yilda yurtimizda 329 nafar lezgin yashagan bo‘lsa, 1989-yilga kelib bu ko‘rsatkich 3071 nafarga yetgan. Bu raqamlar bag‘rikeng o‘zbek zamini turli millat vakillari uchun tinch va farovon hayot kechirish makoniga aylanganini ko‘rsatadi. Bugungi kunda ham ular yagona va ahil oilaning teng huquqli a’zolari sifatida mamlakatimiz rivojiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Tarix sinovlaridan o‘tgan bu do‘stlik va hamjihatlik rishtalari mustahkamlanib bormoqda.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA