2026 yilda jahon madaniy hamjamiyati buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligini nishonlamoqda. Uning she’riy va falsafiy asarlari muhabbat, adolat, insoniy qadriyatlar va ilm cho‘qqilarini zabt etish kabi g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan. Bu umuminsoniy mavzular barcha davrlarda, millatidan qat’i nazar, har bir inson qalbida aks-sado beradi.
Bugungi kunda Navoiyning bebaho merosi bizga asl qadriyatlar chegara bilmasligini eslatgan holda, avlodlar va xalqlarni birlashtiruvchi ko‘prik bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu yili Sergey Yeseninning O‘zbekistonga tashrif buyurganiga 105 yil to‘ladi. Bu adabiy aloqalar xalqlar o‘rtasidagi muloqot uchun poydevor bo‘layotganining yorqin misolidir.
«Yaxshilik ziynatingiz bo‘lsin...»
Sergey Yeseninning vatani bo‘lmish Ryazan shahrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan tadbirlarning bo‘lib o‘tayotgani ramziy ma’noga ega. Mahalliy hokimiyat millatlararo madaniy va ma’naviy aloqalarni saqlashga qaratilgan tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
7 fevral kuni “Olmos” o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi tashabbusi bilan “Yaxshilik ziynatingiz bo‘lsin...” mavzusida musiqiy-she’riy kecha bo‘lib o‘tdi. Ixtiandr Qodirov ijodiy rahbarligi ostida tashkil etilgan ushbu madaniy tadbirda Alisher Navoiy va Sergey Yesenin she’riyatidan namunalar yangradi.
Badiiy kecha ikki buyuk she’riyat an’analari o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik bo‘ldi.
Tadbirda shuningdek, Valeriy Plaxotniyning “Madaniyatlar chorrahasi” nomli mualliflik asari ham namoyish etildi. Unda rassom o‘zbek va rus xalqlari o‘rtasidagi aloqalar, madaniyatlar almashinuvini mahorat bilan tasvirlagan. Asar markazida qo‘llarida kitob tutgan ikki daho — Alisher Navoiy va Sergey Yesenin gavdalantirilgan.
Ramziy ma’noda, ushbu «chorraha» va madaniy sintez mavzusi bugun nafaqat badiiy, balki amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Musiqiy-she’riy kechada ilgari surilgan g‘oyalar bugungi kundagi gumanitar hamkorlikning zamonaviy shakllarida o‘z ifodasini topmoqda.
Shu ma’noda, 21–24 may kunlari Ryazan shahrida «Moda s aksentom» loyihasi doirasida bo‘lib o‘tadigan «Madaniyatlar sintezi» xalqaro etnofestivali alohida ahamiyat kasb etadi. Modaga urg‘u bergan holda tashkil etiladigan ushbu festival etnomadaniy meros, an’anaviy hunarmandchilik va zamonaviy dizayn namunalarini namoyish etish, shuningdek, professional va ijodiy aloqalarni mustahkamlash uchun muhim maydonga aylanadi.
Shu maqsadda Markaziy Osiyo Dizaynerlar ittifoqi raisi Kamola G‘ulomova boshchiligida o‘zbek delegatsiyasi shakllantirildi. Tadbirda mamlakatimiz vakillarining ishtirok etishi Ryazan viloyati va O‘zbekiston o‘rtasida xalq diplomatiyasini rivojlantirish va madaniy hamkorlikni kengaytirishda muhim qadam bo‘ladi.
– Bir-birining she’riyatini anglagan xalqlar hamisha o‘zaro til topisha oladi, deb o‘ylayman. Bu yil biz o‘zbek-rus madaniy muloqotining teranligi va mustahkamligini ifodalovchi ikki muhim sanani nishonlamoqdamiz: nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun ma’naviy poydevor yaratgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Sharq go‘zalligini butun qalbi bilan madh etgan rus shoiri Sergey Yeseninning o‘zbek zaminiga tashrifiga 105 yil to‘lishi shular jumlasidan. Umid qilamizki, «Madaniyatlar sintezi» etnofestivali madaniy meros sohasida tajriba almashish, milliy hunarmandchilik va zamonaviy dizayn namunalarini namoyish etish hamda ijodiy va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi», — deydi Kamola G‘ulomova.
“Olmos” o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi raisi Zulayho Qodirovaning qayd etishicha, adabiyot, san’at va qo‘shma loyihalar turli xalqlar vakillariga bir-birlarining qadriyatlari va dunyoqarashini yaqindan anglashga xizmat qiladi.
– O‘zbekiston va Rossiya xalqlarini nafaqat geografik yaqinlik, balki mushtarak ma’naviy ildizlar ham o‘zaro bog‘lab turadi. Bizning vazifamiz uni yangi mazmun bilan boyitish va yangi hamkorlik ufqlarini ochish orqali madaniyatlar o‘rtasidagi bu ko‘prikni asrab-avaylashdan iborat. O‘zaro anglashuv muhitida voyaga yetgan yosh avlod kelajakda munosabatlarni o‘zaro hurmat va sheriklik tamoyillari asosida qurishiga ishonchimiz komil, - deydi Zulayho Qodirova.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA