Bugun Oliy Majlis Senatida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni Senat Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha Respublika kengashi raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, 2021 yilda e’lon qilingan mamlakatimiz uchun ustuvor bo‘lgan jami 19 ta xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rni aks etib, 11 tasida mamlakatimiz o‘z pozitsiyasini yaxshiladi. Xususan, Suveren kredit reytinglarida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, «S&P» xalqaro reyting agentligi mamlakatimiz kredit reytingini «salbiy»dan «barqaror»ga, Moodyʼs agentligi esa «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi.
Global innovatsiyalar indeksida O‘zbekiston 2021 yilda 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 132 ta davlat orasida 86-o‘rinni egalladi va eng tez yuqorilagan mamlakatlar top 10 taligiga kirdi.
«Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksi»ning 2021 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 5 pog‘onaga yaxshilab, 150-o‘rinni egallagan.
Iqtisodiy erkinlik indeksining «Erkin savdo» ko‘rsatkichida esa O‘zbekistonning o‘rni rekord darajada yaxshilandi. Ushbu indikatorda mamlakatimiz AQSH, Yaponiya, Xitoy va Rossiya singari rivojlangan davlatlarni ortda qoldirib, 2021 yildagi 163-o‘rindan 67-o‘ringa ko‘tarildi va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, investitsiya, moliyaviy erkinlik va monetar erkinlik ko‘rsatkichlarida sezilarli o‘sish qayd etildi.
Jahon banki tomonidan yuritiladigan Boshqaruv sifati indikatorlarining 2 tasida mamlakatimizning o‘rni yaxshilangan bo‘lsa, 2 tasida pasaygan. Aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik hamda Huquq ustuvorligi indikatorlarida mamlakatimiz o‘z pozitsiyasini yaxshilay olmagan. Aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik indikatorida 190-o‘rindan 194-o‘ringa, Huquq ustuvorligi indikatorida 179-o‘rindan 181-o‘ringa tushgan.
«Meros» jamg‘armasining Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 177 ta davlat orasida 117-o‘rinni egallab, 2021 yilga nisbatan 9 pog‘onaga pasaygan va mamlakatimiz iqtisodiyoti «asosan erkin bo‘lmagan mamlakatlar» guruhida qoldi.
Qayd etilganidek, Xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasida belgilangan jami 512 ta banddagi vazifalarning 96 foizi (489 tasi) bajarildi. Ammo ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar bajarilmagani tanqid qilindi.
— Kinematografiya agentligi tomonidan xalqaro kinobozorlar ro‘yxatini shakllantirish hamda ularda ishtirok etish choralari ko‘rilmadi, — dedi Senat Raisi T.Norboyeva. — Global innovatsiyalar indeksining «Ko‘ngilochar va media mahsulotlari bozori» indikatorida mamlakatimizning o‘rni ikki yildan beri aks etmayapti. Qizig‘i shundaki, O‘zbekistonning o‘rnini ushbu indikatorda aks ettirish bo‘yicha Kengashning 2022 yil ish rejasiga Madaniyat vazirligi va Kinematografiya agentligi biror bir taklif bermadi. Nafaqat bu indikator, balki boshqa indikatorlar bo‘yicha ham ikkala idora ish rejaga birorta ham taklif bermagan. Vaholanki, indeksning «Madaniy va ijodiy xizmatlar eksporti» indikatorida 2021 yilda O‘zbekistonning o‘rni 2020 yilga nisbatan 62 pozitsiyaga pasaygan.
Yig‘ilishda mas’ul vazirlik va idoralar vakillarining fikr-mulohazalari tinglandi. Yakunda tegishli vazifalar belgilab olindi.
M.Komilova, O‘zA