Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniyat vazirligi tizimidagi ishlar sarhisob qilindi
10:11 / 2021-01-09

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar tahlili hamda 2021 yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov vazirlik tizimi bo‘yicha 2020 yilning asosiy natijalari hamda 2021 yilda amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar xususida axborot berdi.

Xususan, bugungi kunga qadar sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan 25 ta normativ hujjat ishlab chiqilganligi, soha xodimlari maqomini oshirish maqsadida “15 aprel kuni – Madaniyat va san’at xodimlari kuni”, etib belgilangani alohida qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni kuni kecha Oliy Majlis Senatida ma’qullanganligi, davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkaziladigan konsert-tomosha tadbirlari uchun ijara to‘lovi 50 foizga kamaytirilgani san’atkorlarimiz uchun yengillik bo‘lgani ta’kidlandi.

Shuningdek, madaniyat vaziri O.Nazarbekov 2021 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, 2021 yildan boshlab respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida o‘tkaziladigan davlat tadbirlarining kalendar rejalarini tasdiqlash amaliyoti joriy etildi. Madaniyat va san’at sohasi vakillarining San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etilgani, san’atkorlarni vazirlik va idoralar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarga jamoatchilik asosida jalb qilish holatlariga chek qo‘yilib, bunday tadbirlarga faqat shartnoma asosida jalb qilinishi belgilab qo‘yilgani ta’kidlandi.

Matbuot anjumanida 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar bilan birgalikda, respublikada mavjud pandemiya holati, zarur mablag‘lar ajratilmaganligi va boshqa ob’ektiv sabablarga ko‘ra bajarilmay qolgan ishlar xususida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, 2020 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida 8 tadan, Farg‘ona viloyatida 13 ta, Toshkent shahrida 3 ta madaniyat ob’ekti Madaniyat vazirligi bilan kelishilmagan holda mahalliy hokimliklar tomonidan balansiga o‘tkazilib, sotuvga qo‘yib, sotib yuborilgan.

O‘tgan yilda eng muhim, biroq amalga oshmay qolgan masalalardan yana biri – 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab notalar to‘plami va maxsus musiqiy adabiyotlarni chop etish hamda ularning ta’lim muassasalariga to‘liq yetkazilishini ta’minlash rejalashtirilgan edi.

Vazirlik tomonidan notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar loyihalari tayyorlandi, lekin moliyaviy manbasi aniqlanmagani uchun 2020 yilda bu vazifa bajarilmay qoldi. Bu yil ushbu muammolar ham bosqichma-bosqich hal qilinishi ko‘zda tutilgan.

O‘zA