Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Madaniyat va yoshlar” oyligi o‘tkazilmoqda
17:54 / 2023-03-17

Andijonda viloyat hokimi tashabbusi bilan joriy yilning 15 martidan 15 apreliga qadar “Madaniyat va yoshlar oyligi” o‘tkazilishi belgilandi.

– Oylikni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga ko‘maklashish, – deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – Oylik doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar orqali yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, eng muhimi, ularning jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

“Madaniyat va yoshlar” oyligi doirasida viloyatning barcha tuman va shaharlarida, mehnat jamoalarida, ta’lim muassasalarida belgilangan chora-tadbirlar asosida madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkaziladi. Bo‘ston tumanida mazkur oylikning ochilishiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonning yangi avlodlarimiz” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xalqimiz qalbiga eng yaqin bayram – Navro‘zi olam oldidan tuman hokimi Sanobarxon Nosirova, sektor rahbarlari, yoshlar bilan ishlovchi tashkilotlar mutasaddilari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari, mahallalardagi uyushmagan yoshlar vakillari ishtirok etdi. Unda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi ta’kidlandi.  

Tadbirda tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari, o‘quvchilar badiiy jamoalari tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur ishtirokchilarga xush va bayramona kayfiyat ulashdi. Tadbir davomida yoshlar tomonidan tumandagi 48-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi hududiga mevali, manzarali daraxt va gul ko‘chatlari ekildi. Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda.  

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA