Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniyat va san’atimiz rivojini yangi bosqichga olib chiqishga yo‘naltirilgan hujjat
11:39 / 2021-01-26

Mamlakatimizda moddiy va nomoddiy madaniy meros durdonalarini saqlash, targ‘ib etish, xalq og‘zaki ijodiyoti va havaskorlik san’atini yanada ommalashtirishga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni kunga qadar qadar bu sohadagi huquqiy munosabatlar “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”, “Muzeylar to‘g‘risida”, “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Prezidentimizning farmon va qarorlari, boshqa ko‘plab qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinayotgan edi.

Ammo ushbu yo‘nalishda ham muayyan huquqiy bo‘shliq mavjud ediki, bu soha rivojiga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatayotgandi. Shu bois ham Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida madaniyat va san’at muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratilmagani qayd etilib, ushbu masala yuzasidan vazifalar belgilab berilgan.  

Shu ehtiyoj tufayli ishlab chiqilgan va kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarimiz va yurtimizdagi turli etnik qatlamlarning milliy va umumbashariy madaniyati sohasida vujudga keladigan asosiy huquqiy munosabatlarni tizimli tartibga solish imkoniyatini yaratadi, desak ayni haqiqat.

Qonun bilan madaniyat sohasida davlat siyosatining maqsadi va asosiy yo‘nalishlari, bu boradagi huquqiy munosabat ishtirokchilari, ularning vakolatlari aniq belgilandi. Shu bilan birga, madaniyat tashkilotlarining davlat hokimiyati va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligini takomillashtirish va madaniyat tarmoqlarining raqobatdoshligini oshirish singari masalalar tartibga solindi.

Unda ijodkor, ijodiy jamoa, ijodiy faoliyat, madaniy tadbirlar, madaniy tadbir tashkilotchisi, madaniyat xodimi kabi asosiy tushunchalarga ham aniq ta’rif berilgan.

Shuningdek, aholi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining madaniy faoliyatda ishtirok etishi, fuqarolar, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning madaniy faoliyat sohasidagi huquq va majburiyatlari o‘z ifodasini topgan.

Mazkur qonun madaniyat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish samaradorligini oshiradi, qonun hujjatlaridagi mavjud qarama-qarshiliklar va nomuvofiqliklarni bartaraf qiladi hamda xalqaro huquq normalarining milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilinishiga zamin yaratadi. Shu bilan birga, xalqaro maydonda O‘zbekiston imijini oshirish bilan bir qatorda, xalqlar va mintaqalar o‘rtasidagi madaniy aloqalari yanada rivojlanishi va mustahkamlanishiga ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Umuman, mazkur qonun bilan biz madaniyatimiz va san’atimizni har tomonlama boyitish, uning ma’naviy poydevorini yanada mustahkamlash imkoniga ega bo‘lamiz.

Baxtiyor SAYFULLAEV,

Oliy Majlis Senati

Yoshlar, madaniyat va sport

masalalari qo‘mitasi raisi