Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida “15 aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi. Unga sohada uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan mehnat faxriylari, bugungi kunda fidoyilik bilan ishlayotgan faollar taklif qilindi.
Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov so‘ngi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda milliy madaniyatni yanada rivojlantirish, moddiy-madaniy meros durdonalarini asrab-avaylash va targ‘ib etish, xalq og‘zaki ijodiyoti, havaskorlik san’atini yanada ommalashtirish, yoshlarni sohaga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, san’at va madaniyat o‘zbek xalqi ma’naviy hayotining ajralmas qismi sifatida juda ko‘p asrlik tarixga ega. Namanganliklar O‘zbekiston xalq artistlari Razzoq Hamroyev, Mukarrama Azizova, Kamoliddin Rahimov, Habiba Oxunova, O‘rinboy Nuraliyev kabi yuzlab darg‘alari bilan haqli ravishda faxrlanadi. E’tiborlisi shundaki, ularning ijodiy yo‘lini viloyat musiqali drama teatri vakillari – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Karima Rasulova, Alijon Tojiboyev, Mehri Abdullayeva, Aziza Karimova, shuningdek, Alisher Turdiyev, Samandar Hamroqulov, Malika Egamberdiyeva, Orifjon Ergashev singari yosh san’atkorlar munosib davom ettirib kelmoqda.

Bugungi kunda Namanganda musiqali drama teatri, qo‘g‘irchoq teatri, ixtisoslashtirilgan madaniyat va san’at maktabi, bolalar musiqa va san’at maktablari, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazining viloyat bo‘limlari kabi 150 ga yaqin muassasalarda besh mingdan ziyod xonanda, sozanda, pedagog, aktyor-aktrisa, bastakor, rejissyor, dorbozlar izchil ish olib bormoqda.


– Madaniyat va san’at xodimlariga ko‘rsatilgan e’tibordan behad minnatdormiz. Qirq yillik ish tajribamdan kelib chiqib aytmoqchimanki, keyingi yillarda madaniyat va san’atga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi. Prezidentimiz tashabbusi bilan kasb bayramimiz alohida sana bilan belgilandi, – deydi Yangi Namangan tumani madaniyat bo‘limi folklor-etnografik to‘garagi rahbari Yoqutxon Rahmatullayeva. – Namangan shahrida respublikada birinchi bo‘lib ochilgan “Yor-yor” folklor ansamblida ishladim. 2021 yili Prezidentimiz farmoniga asosan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandim. Maqsadimiz asrlardan bizga meros xalq og‘zaki ijodining yorqin namunasi sanalgan milliy folklor san’atini butun dunyo miqyosida keng targ‘ib etish.

Tantanali tadbirda madaniyat va san’at rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyilar viloyat hokimining tashakkurnomasi, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA