Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniyat va san’at yoshlarda milliy qadriyatlarga hurmat uyg‘otadi
17:06 / 2025-12-17

Prezident topshirig‘i amalda

Mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, zamonaviy madaniyat va san’at muassasalarini barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. 

Aholi, xususan, yoshlarning madaniy saviyasini yuksaltirish, shu asosda ma’naviy yetuk, barkamol shaxslarni tarbiyalash, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida bu masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. 

Hozir hududda 111 ta madaniyat va san’at muassasalari mavjud bo‘lib, ularda jami 3 ming 34 nafar mutaxassis-xodim faoliyat yuritadi. Joylardagi 33 ta bolalar musiqa va san’at maktablarida 11 ming 304 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘tgan davr mobaynida respublika hamda xalqaro tanlovlarda Toshkent viloyatining iqtidorli yoshlaridan 379 nafari yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. 

Tuman-shaharlardagi madaniyat markazlarida esa 154 ta ijodiy to‘garaklar mavjud bo‘lib, ularda 2 ming nafarga yaqin yoshlar qamrab olingan. Asosan, milliy va zamonaviy raqs, rassomlik, maqom va estrada kuy-qo‘shiqlari, teatr, kulolchilik, zargarlik kabi yo‘nalishlar ommalashgan. O‘tgan davr mobaynida ijodkorlar tomonidan hududlar bo‘ylab ko‘plab konsert tomoshalar, ommaviy hamda madaniy tadbirlar tashkil etilib, jami 766 ming 165 nafar aholi, ayniqsa, yoshlar qamrab olindi. 

Viloyat Madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ijodkorlar hamda viloyat maqom ansambli, viloyat filarmoniyasi xodimlari tomonidan tuzilgan ijodiy guruhlar Hindiston, Vengriya, Xorvatiya, Turkiya kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlarda “O‘zbekiston madaniyat kunlari”ni o‘tkazib milliy madaniyatimizni keng namoyish etib keldi. 

– Alohida qayd etish lozim, Prezidentimiz rahbarligida 2020 yil 25 dekabr kuni mamlakatimiz yoshlari bilan videoselektor tarzida o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari forumi doirasidagi bayonida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Toshkent viloyatidan 107 nafar iqtidorli yoshlar Madaniyat va san’at instituti bakalavr yo‘nalishiga qabul qilingan edi. Joriy yilda ushbu talabalar oliygohni tugatib, tuman-shahar madaniyat bo‘limlarida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tuman-shahar madaniyat bo‘limlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, – deydi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i A.Mirzayev. 

Shu bilan birga, Toshkent viloyati hokimining farmoyishiga asosan mahalliy byudjeti hisobidan mablag‘ ajratilib, Chirchiq shahridagi 3-sonli va Parkent tumanidagi 34-sonli bolalar musiqa va san’at maktablari moddiy texnik bazasi mustahkamlandi. Zarur musiqa anjomlari bilan ta’minlandi. Ohangaron shahrida “Tashabbusli byudjet” dasturi orqali yangi madaniyat markazi binosi qurish uchun mablag‘ yutib olindi. Ob’ektni qurilish ishlari boshlanish arafasida. 

Sa’y-harakatlar tufayli joriy yilda o‘tgan xalqaro ko‘rik tanlovlarda Toshkent viloyati Madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi 3-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabining iste’dodli yoshlari Turkiya va Qozog‘iston davlatlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Mamlakatimizda bo‘ladigan “Marhabo talantlar” respublika ko‘rik tanlovida 2 nafar o‘quvchi 1-darajali diplom, 3 nafar o‘quvchi 2-darajali diplom va 2 nafar o‘quvchi 3-darajali diplomni qo‘lga kiritdi. 

Shu bilan birga, bu yil Olmaliq shahrining “Kaleydoskop” raqs jamoasiga “Xalq havaskorlik jamoasi” va Nurafshon shahar “Boychechak” bolalar raqs jamoasiga esa “Bolalar namunali jamoasi” unvoni berildi. Umuman olganda, sarhisob qilishga arzigulik erishilayotgan natijalar juda ko‘p. 

Muhimi, madaniyat va san’atning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ona yurtga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar davom etadi. 

A.Musayev, O‘zA.