Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan vodiy bo‘ylab Kinokarvon aksiyasi tashkil etildi
21:07 / 2022-04-15

Mamlakatimizda 15 aprel- O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni keng nishonlandi.

Ushbu mana munosabati bilan Kinematografiya agentligi va Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi xamkorlikda vodiy bo‘ylab Kinokarvon safarlarini uyushtirdi.

11-16 aprel kunlari kinoijodkorlar Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlariga ijodiy safar qildi. Birinchi kuni Farg‘ona viloyatining Toshloq, Qo‘shtepa tumanlari va Marg‘ilon shahar Madaniyat markazlarida ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi. Yig‘ilganlarga kinematografiya sohasidagi so‘nggi yangiliklar bo‘yicha ma’lumotlar berildi, so‘ng milliy qo‘shiqlardan iborat konsertlar tashkil etildi.

Kinokarvonda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Xosiyat Husanova, “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohibasi Vazira Yunusova, “Shuhrat” medali sohibi Rasulxon Qodirxonov, aktyorlar Umid Iskandarov, Begzod Tojiyev ishtirok etmoqda.

-Biz Kinematografiya agentligi tomonidan tashkil etilgan Kinokarvon bilan vodiy bo‘ylab safar qilyapmiz. Bizni hamma uchrashuvlarda juda iliq kutib oldi. Kinokarvon bilan olib kelingan milliy filmlar ham barchaga birdek manzur bo‘ldi, - dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Xosiyat Husanova.

Ikkinchi kuni Marg‘ilon shahar hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Qo‘shtepa, Oltiariq va Toshloq tumanlarida uchrashuvlar o‘tkazildi. Farg‘ona shahar saxovat uyida bo‘lib, muruvvatga muhtoj keksalar va nogironlar holidan xabar olindi. Kinoijodkorlar bilan samimiy suhbatlar tashkil etildi.

Yig‘ilganlarga Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Jamilaxon Po‘latovaning “Ayol qalbi” kinokartinasi namoyish etildi.

Mazkur kinokartina tibbiyot sohasida samarali faoliyat olib borayotgan, bemorlarning dardiga darmon bo‘layotgan shifokor ayol taqdiri xaqida hikoya qiladi.

Ssenariy mualliflari Jamilaxon Po‘latova va Zulfiya Yo‘ldosheva, postanovkachi rejissyor Jamilaxon Po‘latova, operatorlar Dilmurod Turdiboyev, Diyor Ismatov, postanovkachi rassom Erkin Xushmatov, kompozitorlar Shuhrat Zokirov, Sardor Ergashev, kartina direktori Muzaffar Sa’dullayev.

Kinokarvon Farg‘ona viloyati hokimligi Xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi 90- ixtisoslashtirilgan maktab internatiga ham tashrif buyurdi. Internatda bolalar kinoijodkorlarni juda samimiy munosabatda kutib oldi.

-Kinokarvon bizning maktab internatga tashrif buyurib bolalarni juda xursand qildi. Agentlikka kattakon tashakkur izhor etamiz. Mana shunday ijodiy uchrashuvlar yanada ko‘p bo‘lsin, -deya ta’kidladi internat direktori Azamatjon Madaminov.

Kinokarvon uchinchi kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. Ikki kun davomida Andijon iqtisodiyot va qurilish institutida, Andijon tibbiyot instituti, Andijon mashinasozlik institutida, Andijon davlat universitetida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti rektori Umid To‘ychiboyev kinoijodkorlarni iliq kutib olib, ko‘proq tashriflar uyushtirish taklifini berdi.

Haftaning beshinchi kunida Kinokarvon Namangan viloyatiga keldi. Dastavval Namangan viloyati Uychi tumani Madaniyat markazida 15 aprel Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan kinoijodkorlar ishtirokida katta tadbir tashkil etildi.

So‘ng kinoijodkorlar Namangan viloyati Uychi tumani Beruniy MFYda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan Oyruxsor Mamatvaliyeva xonadonida bo‘ldi, esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

-Mamatvaliyeva Oyruxsor kino san’atiga juda qiziqishini, elimiz sevgan mashhur aktyorlar bilan uchrashishni orzu qilib yashashini aytdi. Biz uning orzusini amalga oshirish uchun Kinematografiya agentligiga bog‘landik, ular bu taklifimizni qabul qildi va Oyruxsorning xonadoniga tashrif buyurib, dildan suhbatlashdi. “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da Kinokarvon tashabbusi barcha aholini qalbidan joy egallaydi. Biz tashrifdan juda ham mamnun bo‘ldik va kinoijodkorlarga tashakkur aytamiz,- dedi Uychi tumani hokim o‘rinbosari Abror Sobirov.

Shuningdek, Kinokarvon safarlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Samarqand viloyatlariga safarlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Kinematografiya agentligi Axborot xizmati.

O‘zA