Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatida ham Madaniyat va san’at xodimlari kuni ko‘tarinki ruhda nishonlandi.
Guliston shahridagi “Navro‘z” tantanalar uyida tashkil etilgan bayram tadbiri yurtimiz madaniy hayotining asl namoyandalari, san’atga umrni baxsh etgan soha fidoyilari va yosh ijodkorlarni bir joyga jamladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi o‘rinbosari Shohrux Isakulov mehmonlarni chin dildan tabriklar ekan, so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy madaniyat maskanlarining tashkil etilishi, ijodkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida ijodiy faoliyati bilan alohida ajralib turgan, xalq qalbida o‘chmas iz qoldirgan bir guruh madaniyat va san’at xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu nafaqat rag‘bat, balki mehnatga berilgan minnatdorlik ifodasi bo‘ldi.
[gallery-22850]
Sahnada yangragan musiqa, kuy va raqslar tomoshabinlarni his-tuyg‘ular olamiga boshlab kirdi. Qo‘shiqlar tinglovchilarni o‘tmish xotiralari, bugungi shukrona tuyg‘ulari va ertangi orzu-umidlar sari yetakladi. Yangragan har bir navo, har bir raqs, har bir sahna ko‘rinishi yuraklarni larzaga soldi.
Haqiqatan ham, madaniyat va san’at bu – faqat sahna, asar yoki musiqa emas. Bu millat xotirasi, bugungi kun hissi va kelajak umidlari o‘rtasidagi ko‘prikdir. Sirdaryoda o‘tkazilgan bayram tadbiri shu ma’naviy ko‘prikni yanada mustahkamladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri