Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniyat va san’at maskanlari viloyat hokimi e’tiborida
17:22 / 2026-03-03

Madaniyat, turizm, san’at, ommaviy axborot vositalari mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim o‘rin tutuvchi sohalardan. Shu boisdan ham ularning rivoji hukumatimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib keladi.

Namangan viloyat hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruhining navbatdagi o‘rganishlari aynan madaniyat va san’at maskanlarining manzillariga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Dastavval, Namangan shahrining Uychi ko‘chasida joylashgan 24-sonli bolalar musiqa va san’ati maktabi faoliyati bilan tanishildi. Mazkur zamonaviy san’at dargohida bugungi kunda 172 nafar o‘quvchi 11 yo‘nalishda tahsil olayotgan bo‘lsa, ularga 25 nafar oliy ma’lumotli pedagog mas’ul.

E’tiborlisi shundaki, byudjet mablag‘lari hisobidan 972 million so‘m hisobiga maktab uchun to‘qqiz turdagi yigirmaga yaqin Yevropa cholg‘ulari xarid qilindi.

Viloyat rahbari bilim yurtida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan dildan suhbatlashdi.

Navbatdgi manzil – viloyat markazining Chorsu dahasida joylashgan viloyat musiqali drama teatri binosi 1957-yilda qurilgan bo‘lib, bir necha bor mukammal ta’mirlangan. Hozir san’at dargohida 80 ga yaqin ijodkor faoliyat yuritmoqda.  

Nozimjon Toshpo‘latov boshchiligidagi teatr jamoasining repertuarini boyitgan “Usmon Nosir”, “Bu chollar – ajib chollar”, “To‘ylar muborak”, “Sabbai sayyor”, “Ibrat”, “Aziz” kabi o‘nlab spektakllar allaqachon teatr shinavandlari qalbidan chuqur joy egallagan.

Teatr jamoasining respublikamiz bo‘ylab gastrollaridan tashqari Ozarbayjon, Koreya kabi davlatlarga amalga oshirgan ijodiy safarlari g‘oyat mazmunli taaassurotlarga boy tarzda kechgan.

Ishchi guruhi o‘rganishi davomida viloyat hokimi teatrda oylik ish haqidan tortib, so‘nggi yillarda namoyish etilgan spektakllar, yangi ijodiy loyihalar va gastrol rejalari bilan qiziqdi.

2023-yili  yangi yil bayrami arafasida qayta rekonstruksiyadan chiqarilib, zamonaviy qiyofa kasb etgan “Matbuot uyi” viloyatdagi ko‘rkam ma’naviyat maskanlaridan biridir. Ushbu binoda  yuz yillik tarixga ega bo‘lgan “Namangan haqiqati” va “Namanganskaya pravda” gazetalari tahririyatlari bilan bir qatorda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbirlik punkti, Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, Usmon Nosir nomidagi nashriyot, “Murabbiy” va “Ibrat” gazetalari tahririyatlari ham faoliyat yuritadi.

Shavkat Abdurazzoqov ijodiy jarayonga to‘laqonli sharoit va o‘ziga xos qizg‘in muhit hozirlash maqsadida bino imkoniyatlaridan unumli foydalanish, chin ma’noda ma’rifat oshyoniga aylantirish lozimligini ta’kidladi.  

O‘rganishlar davomida Namangan ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi va Namangan ixtisoslashtirilgan san’at maktabiga alohida e’tibor qaratildi. Viloyat rahbari o‘quvchilar turarjoyidagi sharoitlarni tubdan yaxshilash, har ikki ta’lim muassasasini ta’mirlash, viloyat “Maqom” ansambli uchun alohida ijodxona tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.  

Muloqotlar davomida san’atsevar yoshlar o‘z iqtidorini namoyon etdi. Elimiz ardog‘idagi hofiz, Namangan farzandi, O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin Rahimov nomi bilan ataladigan 11-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi tarbiyalanuvchilarining badiiy chiqishlari olqishlandi. Bu o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, mahoratini oshirish va keng ommaga yetkazish uchun doimiy ahamiyat qaratish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar yuklatildi.

O‘rganishlar davomida Namangan shahridagi “Barkamol avlod” markazi, viloyat “Ko‘zi ojizlar jamiyati” kutubxonasi bilan ham tanishildi. Viloyat hokimining topshirig‘i bilan ko‘zi ojizlar kutubxonasining avariya holatiga kelib qolgan binosi buzilib, o‘rnida ixcham, zamonaviy ziyo maskani bunyod etiladigan, “brayl” alifbosidagi kitoblar bilan ta’minlash uchun mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.  

Davlatobod tumanidagi birinchi sonli bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyati bilan ham tanishuvda esa, uning binosini ta’mirlash borasida zarur choralar belgilab olindi.  

Ta’kidlash joizki, o‘rganishlar davomida har bir manzilda ijod ahli bilan yaqindan suhbatga kirishilib, ularni har jihatdan rag‘batlantirish zarurligi aytilib, bu borada tegishli mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA