Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniyat va san’at fidoyilari munosib taqdirlandi
10:08 / 2022-04-16

Yurtimizda ilk bor nishonlangan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni Samarqandda ham keng tantana qilindi. Shahardagi “Nurafshon” madaniyat saroyida o‘tkazilgan bayram tadbirida viloyat madaniyat va san’at xodimlarining zahmatli mehnatlari e’tirof etildi.

Samarqandda 32 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 79 ta madaniyat va aholi dam olish maskani, ixtisoslashgan musiqa maktabi, 4 ta teatr, 28 ta badiiy jamoa samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Madaniyat boshqarmasi qoshidagi filarmoniya, maqomchilar ansambli faoliyati keyingi yillarda ancha jonlanib, viloyat aholisiga munosib xizmat ko‘rsatmoqda. Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda madaniyat bo‘limlari tomonidan tashkil etilgan 30 dan ortiq “Yoshlar teatr studiyalari” hamda “Yoshlar kublari” ham bugun o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlar asosida madaniyat va san’atni keng targ‘ib etmoqda.

– Keyingi yillarda Pastdarg‘om va Toyloq tumanlaridagi 1-son madaniyat markazlari kapital ta’mirlandi, Bulung‘ur tumanidagi madaniyat markazi yangidan barpo etildi, – deydi Samarqand viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i  Shahzod Eshonqulov. – Kattaqo‘rg‘on shahar va Qo‘shrabot tumanidagi madaniyat markazlari binosini joriy yilda rekonstruksiya qilib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. O‘tgan yil viloyatimizdagi barcha madaniyat markazlarini musiqa asboblari bilan ta’minlash maqsadida mahalliy byudjetdan 616 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu ishlarning barchasi yurtimizda madaniyat va san’atga yuksak etibor ko‘rsatilayotgani natijasidir.

Marosimda milliy madaniyat va san’atimizni rivojlantirish, uning nufuzini oshirish borasida fidokorona mehnat qilayotgan besh nafar soha vakili “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, bir qator madaniyat va san’at xodimlariga viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

G‘.HASANOV, O‘zA