Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan sohada samarali faoliyat olib borayotgan qo‘llab-quvvatlash va ularning mehnatini e’tirof etish maqsadida 2023 yildan boshlab “Alg‘is” nomli yilning eng faollarini taqdirlash marosimi o‘tkazib kelinmoqda.
Qoraqalpog‘iston san’at saroyida bo‘lib o‘tgan navbatdagi “Alg‘is-2025” yilning eng faollarini taqdirlash marosimida 19 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.

Jumladan, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali “Yoshlarni tarbiyalashdagi faolligi uchun”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist To‘lqin Jabborov “Madaniy tadbirlarda faol ishtirok etganligi uchun”, To‘rtko‘l tumanining Madaniyat bo‘limi “Yil davomida samarali faoliyat ko‘rsatgan madaniyat bo‘limi”, Ikrom Abdikalikov “Yil rejissyori”, jirov Salomat Ayapov “Milliy ijrochilik san’atini rivojlantirishdagi faolligi uchun”, Ellikqal’a tumanining 23-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi “Yilning eng namunali bolalar musiqa va san’at maktabi”, Shumanay tumani xalq teatr jamoasi “Yilning eng faol xalq havaskorlik jamoasi”, baxshi Gulshinar Qudaybergenova “Milliy ijrochilik san’atini rivojlantirishdagi faolligi uchun” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Shuningdek, “Sohadagi yangiliklar va islohotlarni OAV da yoritishdagi faolligi uchun”, “Yilning eng faol madaniyat xodimi”, “Yilning eng faol sahna va ekran texnologiyalari mutaxassisi”, “Yilning eng faol teatr aktyori”, “Bolalar ijodini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun”, “Yilning eng faol baletmeysteri”, “Yilning eng faol raqqosasi”, “Yilning eng yaxshi madaniy loyihasi”, “Yilning eng faol xonandasi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi.

– Jamoamizning “Yilning eng namunali bolalar musiqa va san’at maktabi” nominatsiyasiga munosib ko‘rilganidan xursandmiz,– dedi Ellikqal’a tumani 23-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Og‘abek Xudayberganov. – Tumandagi “Sarabiy” ovul fuqarolar yig‘inida 2020 yil avgust oyidan o‘z faoliyatini boshlagan maktabimizda 2025-2026 o‘quv yilida jami 254 nafar o‘quvchi xalq cholg‘ulari, an’anaviy xonandalik, fortepiano, estrada, akademik xonandalik, an’anaviy cholg‘u, tasviriy hamda amaliy san’at, xoreografiya, baxshichilik, teatr san’ati yo‘nalishlarda tahsil olmoqda. O‘quvchilarimiz turli tanlovlarda faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, 2025 yil 11-12 iyun kunlari Namangan shahrida o‘tkazilgan “San’at sehri” xalqaro musiqa va san’at tanlovi hamda 25 sentyabr kuni “Artist” xalqaro tashkiloti tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan “San’atim – faxrim” respublika tanlovida Saidbek Bahrombayev an’anaviy xonandalik yo‘nalishida oliy o‘rinni egallab, Turkiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlovga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri