Madaniyat va sanʼat vakillariga berilgan yuksak eʼtibor natijasini koʻrsatish har bir soha xodimining burchidir
Yoshlarimizni ilm-maʼrifat, maʼnaviyat va milliy urf-odatlarga boʻlgan muhabbatni bolaligidan shakllantirish oldimizga qoʻyilgan asosiy maqsadlarimizdan biridir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish, yangi Oʻzbekistonning yangi tarixini yaratish, moddiy va nomoddiy madaniy meros durdonalarini saqlash va targʻib etish, xalq ogʻzaki ijodiyoti va havaskorlik sanʼatini yana-da ommalashtirish, yurtimizning jahon madaniy makoniga faol integratsiyalashuvini taʼminlash, madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu ishlarni yana-da natijador boʻlish maqsadida 26-may kuni qabul qilingan &Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida&gi PF–6000-son farmoni unga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohadagi islohotlarni jadal davom ettirish, madaniyat organlari va muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirishda muhim qadam boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Farmonga koʻra 2021-yil 1-yanvardan boshlab konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlarning davlat reyestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi axborotlarni kiritib borib, Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshirilishi, konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yigʻim bekor qilish, 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda toʻliq jonli ijro asosida oʻtkazilgan konsert dasturlari uchun ijara toʻlovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etilishi sanʼatkorlarimizga berilgan imtiyozlar va imkoniyatlar ularni yana-da masʼuliyat bilan ijod qilishga undaydi. Mehnatlari natijasi esa Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi orqali himoyalanishi belgilab berildi.
Yoshlarimizni ilm-maʼrifat, maʼnaviyat va milliy urf-odatlarga boʻlgan muhabbatni bolaligidan shakllantirish oldimizga qoʻyilgan asosiy maqsadlarimizdan biridir. Bu borada teatrlarimiz oʻrni beqiyosligini inobatga olgan holda boy tarixga ega oʻzining oʻzbek milliy qoʻgʻirchoq teatri maktabining shakllantirib, uning rivojlantirayotgan Respublika qoʻgʻirchoq teatriga Oʻzbek Milliy qoʻgʻirchoq teatri nomi berilganligi shu bilan birga Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qoʻgʻirchoq teatrlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi rejalashtirilgani ham nafaqat ushbu soha vakillariga balki yosh avlodga boʻlgan keng qamrovli eʼtibordan darak bermoqda. Shuningdek Respublika teatrlariga byudjet tomonidan ajratilgan mablagʻ, repertuar asarlari, 2021-yildan xalq teatrlari, xususiy teatrlarga berilishi bizni xursand qildi. Endilikda reklamalar (anons)lar maxsus zamonaviy texnologiyalar asosida yoritilib borilishi ham quvonarli xoldir.
Bugun yoshlarimiz milliy sanʼatimizdan uzoqlashayapti degan xavotirlar uygʻongandi endilikda hujjatga mufoviq, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining “Oʻzbek maqom sanʼati fakulteti” hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari negizida maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasi – Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti tashkil etilishi milliy maqom sanʼatimizni nafaqat ijodiy balki ilmiy nuqtayi nazardan oʻrganishga va dunyo miqyosida targʻib etishda omil boʻla oladi.
V.Uspenskiy va R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylari maktab-internatlar uchun belgilangan imtiyozlarni tatbiq qilgan holda tegishlicha V.Uspenskiy va R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktablariga aylantirilishi hamda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Iqtidorli bolalar akademik litseyi hamda Toshkent ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi negizida Madaniyat vazirligi tizimida Respublika musiqa va sanʼat kolleji tashkil etilishi shu bilan birga bolalar musiqa va sanʼat maktablarida bilim olishlari uchun imkoniyati cheklangan bolalarga bepul xizmat koʻrsatilishi yosh isteʼdodlarga kelajagi uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochadigan boʻldi.
1990-yildan buyon kapital taʼmirlanmagan Oʻzbekiston davlat sirki sharoitlari talab darajasida emasligi inobatga olib, binoni toʻliq rekonstruksiya qilish va jihozlash belgilab berilgani hamda Respublika ixtisoslashtirilgan estrada va sirk maktabi Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji etib qayta tashkil etilishi sirk sanʼati vakillarini quvontirdi.
2020-yil sentyabr oyidan boshlab davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi “ochiq eshiklar kuni”ni joriy etish bilan birga 2025-yilgacha boʻlgan muddatga har bir shahar va tumanlarda oʻlkashunoslik muzeylarini tashkil qilishi, muzeylardagi noyob eksponatlarni asrab-avaylash kelajak avlodga bus butun yetkazish bilan shugʻullanayotgan xodimlarning manfaatini himoya qilinishi belgilab berilgan. Bu tashkil etiladigan muzeylar har bir viloyat yoki tuman tarixini chuqurroq oʻrganishga u yerda istiqomat qilayotgan fuqarolarda esa oʻz oʻlkasi tarixidan faxrlanish tuygʻusini shakllantirishga olib keladi. Oʻrganishlar natijasiga koʻra jami moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari 8208 tani tashkil qiladi. Ularni muhofaza qilish gʻoyat muhim masala ekanligini inobatga olib madaniy meros departamentini mutlaqo yangi prinsiplar asosida tashkil etish nazarda tutilgan. Mazkur departament vakolatlari aniq belgilanib, faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq tashkiliy masalalari hal etilgan. Shu bilan birga, madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarni olib borish uchun ilmiy tadqiqotlarga muhimligini inobatga olinib, Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros ilmiy – tadqiqot instituti tashkil etiladigan boʻldi.
Hujjatga muvofiq Madaniyat vazirligi faoliyati va tuzilmasi takomillashtirilib, uning zimmasiga aniq vazifalar yuklandi. Jumladan Oʻzbekiston Respublikasining milliy madaniyatini yana-da rivojlantirish konsepsiyasini 2025-yilga qadar amalga oshirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.
Yurtimiz tarixida ilk bora Madaniyat va sanʼat sohasi vakillarini mehnatlarini inobatga olib, 15-aprel – Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni deb belgilangani biz madaniyat xodimlari hayotidagi eng muhim voqealardan biri boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Yurtboshimiz tomonidan imzolangan ushbu hujjat soha vakillariga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtiborning yorqin ifodasidir. Shuningdek, oliy taʼlim sohasi, xalq taʼlimi, kutubxonalar, muzeylar, teatrlarga berilayotgan eʼtibor, ularning zamonaviy koʻrinishda qad koʻtarishi, shu bilan birga, eng soʻnggi zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlanishi xalqimiz qalbidagi orzular roʻyobi deb hisoblashimiz mumkin.
Baxtiyor SAYFULLAYEV,
Senatning yoshlar, madaniyat va
sport masalalari qoʻmitasi raisi