Buxoro viloyati Kogon tumanida ekologik muhitni yaxshilash, yashil maydonlarni kengaytirish va aholiga qulay dam olish hududlarini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Ushbu xayrli tashabbus ona tabiatimizni boyitishga, mahalla va qishloqlarimizni yashillikka burkash, ko‘kalamzorlashtirishga xizmat qilmoqda. Bu borada Kogon tumanidagi yo‘l bo‘ylariga, tashkilot, korxona va muassasalar, xonadonlardagi bo‘sh yer maydonlariga mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazilmoqda.

Jumladan, Kogon tumani “Suxor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida aholini dam olishi va ularning ma’naviy hordiq chiqarishlari uchun barpo etilayotgan olti gektar maydondagi “Madaniyat va istirohat bog‘i”ga 10000 tupdan ortiq chinnigujum, akatsiya, katalpa, qayrag‘och, chinor, klyon hamda yasin kabi noyob manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.

Ushbu ezgu tashabbus jarayoni avvalida so‘z olgan tuman hokimi Otabek Qozoqov loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ekologiya va atmosfera uchun ayni dolzarbligini ta’kidlab, mas’ullarni har bir hududda, korxona va tashkilotlarda, mahallalarda, xonadonlarda ko‘chat ekish tadbirlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazishga chaqirdi.


Tumanda “Yashil makon” loyihasiga asosan joriy yilning kuzgi mavsumida 500 mingdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.