Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniyat sohasida ko‘plab imkoniyatlar yaratildi
19:51 / 2021-10-22

O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan Xalqaro media-xollda tashkil etilgan muloqotda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov keyingi yillar yurtimiz madaniy hayoti uchun misli ko‘rilmagan tarzda kechgani xususida so‘zladi.

- So‘nggi besh yillikda olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatimiz taraqqiyoti yangi bosqichga ko‘tarilgani hech birimizga sir emas, - dedi O.Nazarbekov. 

- Mazkur keng ko‘lamli islohotlar doirasida O‘zbekistonning ko‘p yillik tarixini tiklash, unutilib ketayotgan milliy an’ana va qadriyatlarimizni yosh avlodga aslicha yetkazish maqsadida O‘zbek milliy maqom san’ati, Respublika Baxshichilik san’ati markazlari, Baxshichilik san’atini rivojlantirish jamg‘armasi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa instituti, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari tashkil etildi.

Bundan tashqari, faoliyati milliy va jahon madaniyati namunalari bilan aholiga sifatli madaniy xizmat ko‘rsatishga qaratilgan O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi, Xalqaro festivallar direksiyasi va Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Quvonarlisi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi huzurida Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri hamda Shahrisabz shahrida “Maqom muzeyi” tashkil etildi.

Shuningdek, “Sharq musiqasi atamalarining qisqacha izohli lug‘ati” nashrga tayyorlanib, “Maqom asoslari” qo‘lyozmasi, “Xorazm maqomlari”, “Buxoro shashmaqomi”, “O‘zbek maqomlari” kitoblari o‘zbek, rus va ingliz tillarida, “Maqom asoslari”, “Bastakorlar ijodi” nomli o‘quv qo‘llanmalari hamda Komiljon Otaniyozov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan 3 ta kitob nashr etildi.

Eng muhimi, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan alohida e’tibor qaratilgan, xalqona ijro yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan baxshichilik san’atini keng targ‘ib etish maqsadida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan “Xalqaro baxshichilik san’ati” festivalining tashkil etilishi bu san’atni targ‘ib etish va dunyo hamjamiyatiga namoyish etishga zamin yaratmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, madaniyat va san’at sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan, tatbiq etilishga muhtoj bo‘lib turgan ikki san’at yo‘nalishi — maqom va baxshichilikni rivojlantirish, keng targ‘ib etish va dunyo hamjamiyatiga namoyish etish borasida amalga oshirilgan ishlar, halqaro hamkorlikning samarali yo‘lga qo‘yilganligi, ta’lim sohasidagi innovatsiyalarning amaliyotga tatbiq etilishi va qator amaliy islohotlar O‘zbekistonning madaniy diplomatiyasi to‘liq shakllanganidan dalolat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

So‘nggi besh yillik islohotlari bizga ham ichki, ham dunyo miqyosidagi katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Bugun erishayotgan yutuqlarimizni butun jahon e’tirof etayotganligi, biz bilan har jabhada hamkorlikka tayyor ekanligi buning yaqqol misolidir.

N.Usmonova, O‘zA