Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniyat maskanlari faoliyati tanqid qilindi
18:38 / 2024-03-03

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Parkent tumanida madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashib, mazkur sohada 2023-yilda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qildi.

Viloyat hokimi bugungi kunda joylarda madaniyat xodimlari tomonidan tashkil etilayotgan turli tadbirlarning saviyasi pastligi, shunchaki rasmiyatchilik yuzasidan o‘tkazilayotganini aytdi. Xususan, rejalashtirilgan turli tadbirlarga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilmayotgani, san’atkorlar ijro etayotgan qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘lishini ta’minlash, tinglovchiga manzur bo‘ladigan dasturlarni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi.  

Madaniyat xodimlari va hudud ziyolilari  joriy yil Navro‘z umumxalq bayramini ko‘ngildagidek o‘tkazishda nimalarga e’tibor qaratishi lozimligiga e’tibor qaratildi. Bayram dasturlarida boshqa hududlardan farqli ravishda aynan Toshkent viloyatining o‘ziga xos mahalliy urf-odatlarini ko‘rsatish, yoshlar bilmaydigan qadriyatlarni tiklash borasida takliflar berildi.  

Shu bilan birga tuman va shaharlardagi madaniyat markazlarida tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati ham tahlil qilindi. To‘garaklarga faqat maktab o‘quvchilarinigina emas, balki barcha qiziquvchilarni  keng jalb qilish va qamrovni oshirish bo‘yicha yangi loyihalar qilish vaqti kelgani aytildi.  

Uchrashuvda, shuningdek, viloyat madaniyat xodimlari, san’at ustalarini xorij davlatlariga safarlar, xalqaro festival va ko‘rik tanlovlarga yuborish borasidagi takliflar qo‘llab-quvvatlandi. Biroq bu jarayonda alohida tanlov asosida eng munosib nomzodlardan iborat ijodiy jamoalarni shakllantirish va tizimdagi korrupsiya holatlariga chek qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.  

Uchrashuvda ayrim joylardagi madaniyat markazlari faoliyati tanqid qilindi. Masalan, Qibray tumanidagi “Do‘rmon” madaniyat saroyi mas’ullari barcha imkoniyatlardan samarali foydalanmaydi. Ular binoda yoshlar uchun kutubxona tashkil etishga sharoit bor bo‘lsa ham haligacha bu borada birorta ish qilishmagan. Shuningdek, Yangiyo‘l shahar, Chinoz, Bo‘ka, Quyi Chirchiq, Ohangaron va Toshkent tumanlarida joylashgan madaniyat markazlariga  ham aholini jalb qilish darajasi qoniqarsiz. Shuni e’tiborga olib, endi har haftada bir bor bu joylarda madaniy tadbirlar, konsert dasturlari o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.  

– Madaniyat markazlari aslida doim gavjum bo‘ladigan, xalq suygan maskan bo‘lishi kerak, – deydi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev. – Shu sababli bu binolarning bo‘sh xonalarida yoshlar uchun karaoke zallari, musiqa uchun maxsus ovoz yozish studiyalari, kutubxona kabi faoliyat turlarini tashkil etish lozim. Ayniqsa, karaoke kerak. Yoshlar kelib vaqtini mazmunli o‘tkazsin. Mahallalar yoshlar yetakchilari bu borada mas’ullarga o‘z tashabbusini ko‘rsatsin.  

Shuningdek, Piskent tumani madaniyat rahbari madaniyat binosida tadbirkor bilan kelishgan holda tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygani, Bekobod tumanidagi ikkita madaniyat binosi esa avariya holatida ekanligi, ammo xodimlar ishga bormasdan maosh olayotgani aytib o‘tildi. Mazkur muammoni tezkor bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.  

Uchrashuvda viloyat faollari, soha xodimlarining fikrlari tinglandi. Kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar rejalashtirildi.  

A. Musayev, O‘zA muxbiri