Madaniyat markazlari faoliyatidagi muammolar muhokama qilindi
Mamlakatimizdagi 220 ga yaqin tuman, shahar madaniyat bo‘limlari mudirlari, madaniyat markazlari xodimlari va sohaga doir ilmiy-tadqiqot ishlarni olib borayotgan mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-4038-sonli qarorida madaniyat markazlarining nafaqat moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, balki ularning faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish masalalariga doir dolzarb vazifalar belgilangan. Jumladan, qarorda yurtimizda madaniyat markazlari faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyalar, mahorat darslari, tajriba almashuv o‘quv-seminarlarini muntazam tashkil etib borish belgilangan.
Ana shu muhim vazifalarni bajarilish chora-tadbiri doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi tomonidan “Madaniyat markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish – davr talabi” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Mamlakatimizdagi 220 ga yaqin tuman, shahar madaniyat bo‘limlari mudirlari, madaniyat markazlari xodimlari va sohaga doir ilmiy-tadqiqot ishlarni olib borayotgan mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda madaniyat markazlari faoliyatini rivojlantirish, sohada vujudga kelayotgan muammolarga yechim topish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va to‘g‘ri tashkil etish, madaniyat markazlarida baxshichilik san’ati to‘garaklarini tashkil etish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.