Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniyat markazlari faoliyati qay holatda?
21:30 / 2021-12-21

Aholining madaniy hordiq chiqarishi, ma’naviy-ma’rifiy ozuqa olishida hududlardagi madaniyat markazlarining faoliyati alohida ahamiyatga ega. Ushbu markazlarda tashkil etiladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert-tomosha dasturlari hamda kutubxona va turli yo‘nalishdashi to‘garaklar kattayu kichik hammaga birdek ko‘tarinkilik va madaniy hordiq baxsh etadi.

Ammo bugun joylardagi madaniyat markazlarining faoliyati qay darajada tashkil etilgan, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur imkoniyatlar mavjudmi?

Ushbu masalalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimovga “Respublika hududlarida madaniyat markazlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi masala yuzasidan yuborgan parlament so‘roviga berilgan javobda o‘z aksini topgan. Parlament quyi palatasining 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar ushbu parlament so‘roviga javobni ko‘rib chiqdi.

Bosh vazir o‘rinbosari javobida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda moddiy va nomoddiy madaniy meros durdonalarini saqlash, madaniyat va san’at muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash, milliy madaniyatni yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

bugungi kunda yurtimizda faoliyat yuritib kelayotgan 826 ta madaniyat markazilari tomonidan 2019-2021 yillar davomida 10 mingga yaqin madaniy-ma’rifiy tadbir, 17 yarim mingdan ortiq konsert-tomosha dasturi namoyish etildi. Shuningdek, madaniyat markazlarida 4522 ta to‘garak tashkil etilib, ularda 53 mingga yaqin aholi, shundan 37 mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi.

“Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz”, tuman (shahar)larni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 51 ta madaniyat markazi to‘liq ta’mirlanib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.

A.Abduhakimov javobiga ko‘ra, chekka va olis tog‘li hududlardagi aholiga madaniy xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus musiqiy texnik uskunalar bilan 2 ta ixtisoslashtirilgan va maxsus musiqiy texnik uskunalar bilan jihozlangan “Avtoklub” transport vositasi Andijon va Navoiy viloyatlarida tajriba loyihasi sifatida amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtda mazkur loyiha doirasida erishilgan ijobiy natijalar asosida barcha hududlarni “Avtoklub” bilan ta’minlash choralari ko‘rilyapti. Sohada amalga oshirilgan ishlar natijasida 112 ta madaniyat markazida kutubxona va o‘quv zallari tashkil etilib, kitob fondlari yaratildi.

Shu bilan birga, madaniyat markazlarining to‘liq va samarali faoliyat olib borishida salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarni aniqlash hamda yoshlarning madaniy dam olishlari va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini tizimli tashkil etish maqsadida Madaniyat vazirligi tomonidan joriy yilning fevral oyida respublika hududlaridagi madaniyat va san’at muassasalari bino-inshootlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.

Zarur qulayliklarga ega, innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatini beruvchi madaniyat markazlarini qurish maqsadida 2022-2023 yillarda Investitsiya dasturlari doirasida Toshkent viloyati misolida 7 ta madaniyat markazi uchun Hi-tech uslubidagi ixcham madaniyat markazlarini qurish va jihozlash ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Buning natijasida 2022-2026 yillar davomida 826 ta madaniyat markazida ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirilib, ulardagi to‘garaklar soni 8 ming 500 taga ko‘payadi, to‘garaklarga 100 ming nafardan ko‘proq aholi qamrab olinadi.

Majlisda Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimovning javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA