Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniyat maktabining 65 yilligi nishonlandi
18:46 / 2025-11-21

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Nukus ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi tashkil etilganining 65 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori N.Sayfullayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri B.Temirboyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri A.Ayapov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizning san’at va madaniyat sohalariga malakali mutaxassislar tayyorlab kelayotgan o‘quv yurtining 65 yilligi bilan qutladi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri O.Nazarbekovning tabrigi o‘quv eshittirildi.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, mazkur o‘quv yurti dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 1960 yil 7 iyuldagi qarori bilan Nukus musiqa bilim yurti sifatida tashkil qilinib, 1963 yil Nukus musiqa xoreografiya bilim yurti, 1973 yil Japaq Shamuratov nomidagi Nukus san’at bilim yurti nomlari bilan faoliyat olib bordi.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 14 avgustdagi “Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2003 yil Nukus san’at kolleji, 2005 yil Nukus madaniyat va san’at kolleji hamda 2019 yildan boshlab Nukus ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Hozirgi vaqtda ushbu muassasada fortepiano, musiqa nazariyasi, torli cholg‘ular, damli cholg‘ular, xalq cholg‘u asboblari, akademik vokal, xor dirijyorligi, milliy musiqa ijrochiligi (baxshi va jirov), estrada ijrochiligi, estrada sozandasi, teatr san’ati, xoreografiya, rang tasvir san’ati, folklor etnografiya mutaxassisliklari tayyorlanmoqda.

Maktab 450 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 100 o‘rinli yotoqxona, 2 ta konsert zali, 3 ta xoreografiya, 1 ta sport zali va zamonaviy o‘quv xonalariga ega. Hozirda jami 428 nafar o‘quvchi taxsil olmoqda. O‘quv yurti tashkil etilgan yillardan boshlab nafaqat O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari, balki MDH davlatlaridan yoshlarning kelib ta’lim oladigan nufuzli o‘quv yurti bo‘ldi.

San’at va madaniyat sohasida kadrlar yetishmaydigan vaqtlardan boshlab respublika uchun yuqori bilim va ko‘nikmalarga ega professional kadrlar tayyorlab, davlat teatrlari, konsert-tomosha muassasalari, bolalar musiqa va san’at maktablari bilan madaniyat markazlariga raqqosa, sozanda, aktyor-aktrisa, xor va balet artistlari, kutubxonachi va boshqa mutaxassislar tayyorlagan o‘quv muassasalardan biri hisoblanadi. Shu bois, bu maktab xalq og‘zida “Qoraqalpog‘istonning konservatoriyasi” degan yuksak maqom va obro‘ga ega bo‘ldi.

[gallery-26374]

Mazkur o‘quv yurtida 65 yil davomida jami 15 ming nafardan ortiq mutaxassis taxsil olib, ular bugungi kunda respublikaning ijtimoiy va ma’naviy hayotida xizmat qilib kelmoqda. Ulardan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori  Bazarbay Nadirov, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Tatariston xalq artisti, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori, Rio-de-Janeyro xalqaro qo‘shiqchilar tanlovi diplomanti Maqset Xojaniyazov, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Tatariston xalq artisti, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori Tamara Doshumova, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Gulxatiysha Ayimbetova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Bazargul Karimova, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Bazarbay Uzaqbergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti laureati G‘ayib Demesinov, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori Barliqboy Aytmuratov, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Boshqirdiston va Tatariston xalq artisti Jenisbek Piyazov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarida xizmat ko‘rsatgan artist Eliza Aytniyazova, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Qurbanbay Zaretdinov, O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalariga xizmat ko‘rsatgan, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Roza Qutekeyeva, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Aygul Nadirova, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan va Boshqirdiston xalq artisti Begisbay Temirbayev, O‘zbekiston xalq baxshilari G‘ayratdin Otemuratov, Tenel Qalliyev va boshqa minglab bitiruvchilarni qayd etish mumkin. Ular bugungi kunda madaniyatimiz va san’atimizni jahon miqiyosida targ‘ib qilishda fidokorona mehnat qilib kelmoqda.

Muassasada qoraqalpoq folklorining haqiqiy ijrochilari bo‘lgan baxshi jirovlarni tayyorlash va boshqa milliy cholg‘u asboblarini o‘rgatish maqsadida 1992 yil milliy musiqa bo‘limi yangidan ochildi. Ko‘p vaqt o‘tmay, yosh baxshi-jirovlar yetishib chiqib, bugungi kunda ular xalqimizning boy madaniy merosini dunyoga tanitib kelmoqda.  

Ushbu ta’lim muassasasining tashkil qilinishi, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoshlarga sifatli ta’lim va tarbiya berish tizimini yaxshilashda muassasa rahbari va ustozlarining ham o‘rni beqiyos. Bilim yurti tashkil qilingan vaqtdan boshlab unga ko‘plab fidoiy insonlar rahbarlik qilgan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Amaniyaz Juzimbetov (1960-1961-yillar), san’atshunoslik fanlari nomzodi, Berdaq nomidagi davlat mukofotining sovrindori Tajigul Adambayeva (1961-1963-yillar), Igor Martinov (1963-1969-yillar), Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Keyik Abdireymova (1969-1985-yillar), Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat ko‘rsatgan artist Maqsetulla Kamalov (1985-1999-yillar), O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Berdaq nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, kompozitor Najimaddin Muxammeddinov (1999-2005-yillar), O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Tamara Davletmuratova (2005-2014-yillar) kabi taniqli arboblar rahbarlik lavozimida ishlagan. Bugungi kunda Bahodir Ismailov rahbarlik qilib kelmoqda. O‘quv yurti ochilgan yillardagi dastlabki o‘qituvchilari 13 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirgi kunda 200 nafarga yaqin ustoz ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

Nukus ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi bitiruvchilaridan 9 nafari  Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, 11 nafari “Nihol” mukofoti sovrindori, 200 nafardan ortiq o‘quvchi nifuzli xalqaro, respublika tanlovlari va festivallarning g‘olibi bo‘ldi.  

Tadbirda turli vazirliklar, muassasa va o‘quv yurtlari tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tantanali tadbir san’at ustalari, madaniyat maktabi bitiruvchilari hamda o‘quvchilarining konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev, O‘zA muxbirlari