Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniy Renessans: ma’naviy tiklanish strategiyasi
15:46 / 2026-02-11

Tarixning shafqatsiz sinovlari va vaqt changi ostida qolgan muqaddas qadamjolarning qayta tiklanishi — bu nafaqat me’moriy jarayon, balki xalqning o‘zligiga, ma’naviy ildizlariga va milliy kodiga qaytishidir. O‘zbekiston so‘nggi o‘n yillikda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida o‘z tarixining mutlaqo yangi sahifasini — Ma’rifiy Islom va Uchinchi Renessans poydevorini qurish davrini boshladi.

Bugun zaminimizdagi har bir g‘isht, har bir koshin nafaqat milliy g‘urur, balki insoniyat sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan islom madaniyatining boqiy merosidan so‘zlamoqda. Davlat rahbari ta’kidlaganidek: “Ma’naviyat — eng qudratli qurolimiz, u orqali biz nafaqat o‘tmishimizni e’zozlaymiz, balki kelajagimizni barpo etamiz”. Ushbu tizimli islohotlarning strategik markazi va ma’naviy o‘qi bo‘lmish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mahobatli bino, balki buyuk ajdodlarimiyzning ming yillik ilmiy merosini birlashtiruvchi, Sharq va G‘arb tafakkurini bog‘lovchi ulkan akademiyadir.

Prezident ushbu majmuani bejizga “xalqimizning ma’naviy qudrati timsoli” deb atamadi. Markaz muzeyi va kutubxonasidagi ming yillik nodir qo‘lyozmalar, xususan, Usmon Mushafining asl nusxasi islom ilm-fanining oltin davrini qayta jonlantiradi. Bu yerda diniy va dunyoviy ilmlarning uyg‘unligi — yangi Xorazmiylar, Beruniylar va Ibn Sinolarni tarbiyalaydigan fundamental poydevor yaratilmoqda, zero ilm va iymon birlashgan joydagina haqiqiy yuksalish yuz beradi.

Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy majmuasida olib borilayotgan misli ko‘rilmagan restavratsiya va kengaytirish ishlari zamonaviy O‘zbekistonning ma’naviy jasorat namunasidir. Samarqandning ushbu tabarruk maskanida bir vaqtning o‘zida 10 ming namozxonni sig‘dira oladigan ulug‘vor masjid, mahobatli minoralar va ilmiy-tadqiqot markazlari bunyod etildi. Shu bilan birga, Surxondaryodagi Imom Termiziy va Iso Termiziy majmualarida, Buxorodagi “Yetti pir” ziyoratgohlarida ham YUNESKO standartlari asosida mukammal ilmiy restavratsiya ishlari olib borildi. Bu jarayonda tarixiy obidalarning asl holatini, qadimiy ruhini saqlab qolnish uchun asrlar davomida sayqallangan milliy me’morchilik an’analari eng zamonaviy muhandislik yechimlari bilan uyg‘unlashtirildi. Natijada, yurtimizda davlat muhofazasiga olingan madaniy meros ob’ektlari soni ikki mingtadan oshdi va ularning har biri jahon ahli uchun ochiq ma’rifat manbaiga aylandi. Ma’rifat bilan jaholatga qarshi kurashish g‘oyasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanib, O‘zbekistonni dunyo ziyorat turizmining markazlaridan biriga aylantirdi. Bugun mamlakatimiz nafaqat tarixiy obidalar makoni, balki tinchlik, bag‘rikenglik va dinlararo muloqotning xalqaro maydoniga aylandi.

Davlatning ochiqlik va konstruktiv hamkorlik siyosati tufayli vizasiz rejim joriy etilgan davlatlar soni qisqa vaqt ichida 9 tadan 90 taga yetkazildi. Buning samarasi o‘laroq, yillik ziyoratchi sayyohlar oqimi so‘nggi o‘n yilda 200 mingdan 2 milliongacha — ya’ni 10 baravarga oshdi. Buxoroning muqaddas qadamjolarida olib borilgan keng ko‘lamli obodonchilik ishlari naqshbandlik ta’limotiga va sof islomiy qadriyatlarga berilgan yuksak ehtirom bo‘lib, mamlakatimizning “Global Muslim Travel Index” reytingida kuchli o‘ntalikka kirishini va “Islom olamining madaniy poytaxti” maqomini mustahkamlashini ta’minladi. 

Bugungi kunda ziyorat turizmi sohasida “Halol” va “Muslim-friendly” standartlarining keng joriy etilishi, dijital-muzeylar va smart-turizm tizimlarining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonni islom olamining eng jozibador va xavfsiz manzillaridan biriga aylantirdi. Bu islohotlar — shunchaki iqtisodiy loyiha yoki sayyohlarni jalb qilish vositasi emas, balki kelajak avlodlarga qoldirilayotgan, ularning o‘zligi bilan faxrlanishiga xizmat qiladigan eng katta ma’naviy xazinadir. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “O‘z tarixini bilmaydigan, undan saboq olmaydigan xalqning kelajagi bo‘lmaydi”. 

O‘zbekiston o‘z tarixini va muqaddas qadriyatlarini tiklash orqali dunyoga yangi O‘zbekistonning bag‘rikeng, ilmparvar va tinchliksevar qiyofasini namoyish etmoqda. Amir Temur hazratlari aytganlaridek: “Biz kim — mulk-i Turon, amir-i Turkistonmiz...”. Bugungi kunda ushbu tarixiy ulug‘vorlik va milliy yuksalish muqaddas qadamjolarimizning yangi qiyofasida, ilm-fan markazlarining gullab-yashnashida hamda yurtimizga kelayotgan millionlab ziyoratchilarning hayrati va ehtiromida o‘z aksini topmoqda. 

Bu yo‘l — ajdodlar sha’nini ulug‘lash va avlodlar kelajagini nurafshon etish yo‘lidir.

A. G‘afforov, 

O‘zA