Joriy yilda Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri sifatida xalqimizni zamonaviy ilm-fanga chorlagan, ma’rifatparvarlikni milliy taraqqiyotning asosiy yo‘li deb bilgan.
O‘mon Sultonligi tarixida esa Sulton Qobus bin Said hazratlari ham ana shunday ma’rifatparvar inson sifatida xotirlanadi. Har ikki zot turli davr va mintaqada yashab, faoliyat olib borgan bo‘lsa-da, ammo ularning g‘oyaviy qarashlari, xalqni ma’rifatli qilish borasidagi maqsadlari mushtarak edi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi hamda O‘mon Sultonligi sobiq rahbari Sulton Qobusning ma’rifatparvarlik va ilm sohasidagi islohotlariga bag‘ishlangan “Madaniy o‘lchov va O‘zbekiston – O‘mon muloqoti: islohotlar yo‘li” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Mazkur anjuman O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi elchixonasi va O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov hamda O‘monning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vafo bint Jabr Nosir al-Busaidiy tabrik so‘zlari bilan ochib berdi.
Shuningdek, “Baytul qiroa saqofiy” kitobxonlar jamiyati vakili Hamda ash-Shamsiy va Maryam al-Vahaybiy “Islohotchi taxtda” kitob taqdimoti haqida so‘z yuritdi.

Anjuman davomida mavzuga doir ma’ruzalar tinglandi.
Vatanimiz tarixida g‘oyat murakkab va sinovli davr bo‘lgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi hisoblanadi. U milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, ta’lim va tarbiya, adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirish orqali xalqimizning ong-u tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etgan fidoyi zotdir.

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tomonidan ham Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘mon Sultonligining marhum rahbari, Sulton Qobus bin Said hazratlari o‘z yurtida amalga oshirgan islohotlari ham dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak baholangan. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy-siyosiy sohalarda katta islohotlarni amalga oshirdi. Ayollarning ta’lim va mehnatdagi rolini qo‘llab-quvvatladi. U kishining sultonlik davri tarix sahifalarida “O‘mon uyg‘onishi” deb ataladi.

Sulton Qobus bin Saidning yurtida amalga oshirgan madaniy, ta’limiy va ilm-ma’rifiy islohotlari mamlakatni xalqaro maydonda obro‘-e’tibor qozonishiga xizmat qildi.

Anjuman ma’ruzachilari Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarining yosh avlodimiz intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, shu asosda ularni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalash borasidagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan Tasviriy san’at ko‘rgazmasining ochilish marosimi o‘tkazildi.

N.Usmonova, O‘zA