Sirdaryo viloyat hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida madaniyat sohasida olib borilayotgan ishlar ochiq va tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Yig‘ilishda asosiy e’tibor rasmiy hisobotlar yoki statistikaga emas, balki har bir muassasa va hududdagi amaliy holat hamda ijodiy faoliyatning samarasiga qaratildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda viloyatda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish uchun 40 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan, ammo ayrim hududlarda ushbu mablag‘lar samarali qo‘llanilmagan.

Yig‘ilishda madaniyat muassasalari xodimlari tomonidan bildirilgan eski dutor va sahna liboslari, texnik jihozlar va transport vositalari yetishmasligi, shuningdek kino va musiqa zallari yo‘qligi kabi masalalar ham e’tirof etildi. Viloyat hokimi bu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha barcha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, Mirzaobod va Sayxunobodda 185 dan ortiq madaniy tadbirlar o‘tkazilsa ham muassasalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmagan. Xovos va Mirzaobodda ta’mir ishlari boshlanmagan, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Sayxunobod va Xovosda kinoteatr tashkil etish masalasi hali hal qilinmagan.

Viloyat rahbari formalizmga barham berish va natijaga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Endi madaniyat sohasi rahbarlari faoliyati nafaqat hisobotlar yoki qog‘ozdagi raqamlar asosida, balki aholi hayotidagi aniq o‘zgarishlar bilan baholanadi.
— Madaniyat — bu faqat bayram o‘tkazish, suratga tushish yoki oy oxirida hisobot topshirish emas, — dedi Erkinjon Turdimov. — Madaniyat — odam ongini o‘zgartirish, yoshlarni tarbiyalash va jamiyat hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishdir.

Hozir ko‘p joylarda madaniyat muassasalari faoliyat ko‘rsatmay, faqat binolar sifatida harakat qilyapti. Ichida esa tashabbus yo‘q, harakat yo‘q, ta’sir yo‘q.
Shu joyda ochiq aytaman: formal ishlashga shu kundan nuqta qo‘yiladi, «ishlayapmiz» degan bahonalar qabul qilinmaydi. Natija bermayotgan har bir rahbar shaxsan javobgar bo‘ladi. Mablag‘ ajratildi degan gap meni qiziqtirmaydi — natija qayerda, shuni so‘rayman! Agar natija bo‘lmasa, demak mablag‘ oqlanmagan.
Yig‘ilishda topshiriqlar aniq belgilandi, muddatlar ko‘rsatildi va ijro nazorati kuchaytirilishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va muassasalarda amaliy faoliyatni jonlantirish bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlar belgilandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri