Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniy merosni asrash barchamizning burchimizdir
15:44 / 2021-01-15

O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Madaniyat vazirligi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamkorligida “Zamonaviy O‘zbekistonda restavratsiya va konservatsiyaning muhim muammolari” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy seminarda obidalarni asrashga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ma’lumki, diyorimiz azaldan ilm-ma’rifat, bunyodkorlik o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Yurtimizdan yetishib chiqqan ko‘plab allomalar, buyuk zotlar nainki xalqimiz, balki butun insoniyat ilm-fani, madaniyat va san’ati rivojiga daxldor ulkan ma’naviy, moddiy meros qoldirdi. Ularni asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazish dolzarb masalalardan biri.

Davlatimiz rahbariyati tomonidan madaniy merosni asrash, madaniy meros ob’ektlari va san’at ashyolarini restavratsiya qilish, bu borada ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, sohada mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish orqali restavratsiya ishlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida xalqimizning madaniy-ma’rifiy hayotini yuksaltirish masalasiga ham alohida to‘xtalib, “Boy tariximiz durdonasi bo‘lgan madaniy merosimizni asrab-avaylab, kelajak avlodlar uchun bezavol yetkazishimiz zarur. Hozirgi vaqtda ularning soni 7 mingdan ziyodni tashkil etadi.” deya ta’kidladi.

– Madaniy meros ob’ektlari, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolarni asrash g‘oyat professional yondashuvni talab etadi, – dedi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti me’morchilik bo‘limi mudiri, Madaniy meros ilmiy kengashi eksperti Mavluda Yusupova. – Afsuski, ko‘p yillar davomida bu yo‘nalishda noprofessional yondashuv ham kuzatilgan. Lekin yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda bu ishga yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan restavratorlar, usta va ustazodalarni jalb etish dolzarbligi tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Mazkur seminar ham sohaga oid mavjud muammolarni batafsil aniqlab olish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

– Madaniy meros ob’ektlari bilan birga qadimiy yozma manbalarni ham saqlash, konservatsiyalash muhimdir, – dedi Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi direktori Gulabza Qarshiyeva. – Muzey va kutubxonalarda yozma manbalarni restavratsiyalash uchun sharoit yetarli, deb bo‘lmaydi. Shu bilan birga, mutaxassislarning malaka va bilimlarini oshirish ham g‘oyat muhimdir. Xorijdagi kabi yurtimiz fuqarolari ham moddiy madaniy merosni ko‘z qorachig‘idek avaylashni o‘z burchi, deb bilsa ayni muddao bo‘ladi. Bu kabi seminarlar sohaga oid kelgusidagi amaliy rejalarni belgilab olishda katta ahamiyat kasb etadi.  

Seminarda "O‘zbekiston ziyoratgohlari me’morchiligining tarixiy qiyofasini saqlash muammolari", "Samarqand me’moriy yodgorliklari va ularni ta’mirlashning o‘ziga xos xususiyatlari", "Yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish muammolari", "Xiva me’moriy yodgorliklari texnik holatini monitoring qilish bo‘yicha innovatsion yondashuv", "Badiiy ta’lim tizimida restavrator kadrlarni tayyorlashga doir" mavzularida ekspertlar tomonidan ma’ruzalar tinglandi. Istiqboldagi rejalar belgilab olindi.  

N.Usmonova, O‘zA