18-aprel – Xalqaro yodgorliklar va tarixiy joylarni asrash kuni
Dunyodagi har bir xalq, davlat o‘z madaniy merosiga ega. Bu tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan, ajdodlardan qolgan moddiy va nomoddiy meros ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Mamlakatimizda ham bir necha ming yillik tarixga ega madaniy meros obyektlari, an’ana va qadriyatlarimiz mavjudki, ular xalqimizning uzoq o‘tmishi, madaniyatidan so‘zlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasidagi moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxati tasdiqlangan. Unga ko‘ra, hozir mamlakatimizdagi moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari soni 8208 tani tashkil etadi. Ularning 4748 tasi arxeologik yodgorlik, 2250 tasi arxitektura yodgorligi, 678 tasi monumental san’at yodgorligi, 532 tasi diqqatga sazovor joylardir. Madaniy meros obidalarining eng ko‘pi Samarqand viloyatida (1607 ta) bo‘lsa, eng kami Sirdaryo viloyatida (78 ta)dir.
– Yurtimizda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish, ulardan oqilona foydalanish va sayyohlik imkoniyatini yuksaltirishda ularning o‘rni va ahamiyatini oshirish hamda moddiy madaniy meros sohasidagi davlat nazoratini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Mahmudxon Yunusov. – Agar 2018-yilgacha madaniy merosga oid 2 ta qonun amal qilgan bo‘lsa, keyingi yillarda sohaga oid 2 ta qonun, 3 ta Prezident qarori va farmonlari, Vazirlar Mahkamasining 4 ta qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlar asosida keyingi yillarda moddiy madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, avariya holatidagi va ta’mirtalab holatga kelib qolgan yoki yo‘qolib ketish xavfi mavjud bo‘lgan obyektlarni restavratsiya va konservatsiya qilish, ularning muhofaza hududlarni belgilash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatidagi moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan 1607 ta obyektning 1011 tasi respublika ahamiyatidagi, 596 tasi mahalliy ahamiyatdagi obyektlar hisoblanadi. Madaniy meros obyektlarining 973 tasi arxeologik, 564 tasi arxitektura, 34 tasi diqqatga sazovor joylar, 36 tasi monumental, 221 tasi shaxsiy mulk shaklidagi turarjoy binolaridir.
Samarqand shahrining 1123 gektardan iborat tarixiy markazi 2001-yilda YUNESKO tomonidan “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Uning muhofaza etiladigan zonasi 1369 gektarni tashkil etadi.
O‘tgan yili 10-25-sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 45-sessiyasida O‘zbekiston “Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon – Qoraqum yo‘lagi” nominatsiyasini taqdim etish bo‘yicha loyiha koordinatori sifatida ishtirok etdi va mazkur yo‘lak umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Yo‘lak uch davlatda joylashgan 31 ta obyektdan iborat bo‘lib, ularning 15 tasi O‘zbekiston, 9 tasi Tojikiston va 7 tasi Turkmaniston hududida joylashgan. O‘zbekiston hududida joylashgan 15 ta obida Jartepa otashparastlar ibodatxonasi, Sulaymontepa, Kofirqal’a qo‘rg‘oni, Dabussiya qo‘rg‘oni, Qosim Shayx me’moriy majmuasi, Mirsaid Bahrom maqbarasi, Raboti Malik karvonsaroyi va Sardoba, Deggaron masjidi, Chashmai Ayyub maqbarasi, Vardanze qo‘rg‘oni, Vobkent minorasi, Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasi, Chor Bakr nekropoli, Varaxsha qo‘rg‘oni, Poykent qo‘rg‘onidir. Ushbu madaniy meros obyektlarining dastlabki 4 tasi Samarqand viloyati hududida joylashgan.
Albatta, yurtimizdagi madaniy meros obyektlarining ro‘yxatga olinishi quvonarli. Shu bilan birga bu merosni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish mas’uliyati borki, buni unutmaslik lozim.
– Ayni paytda moddiy madaniy meros obyektlarini asrash bilan bog‘liq bir qator masalalar bor va ularni hal etish bugungi kunning muhim vazifasi hisoblanadi, – deya so‘zida davom etadi M.Yunusov. – Bu vazifalar nimalardan iborat? Birinchidan, “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxati”ni qaytadan ko‘rib chiqish va zaruriy tuzatishlarni amalga oshirish lozim. Chunki, ro‘yxatda juda ko‘p chalkashliklar mavjud. Masalan, Samarqand shahar Registon ko‘chasi 3 “a”-uyda joylashgan, milliy ro‘yxatga “Usmatboy madrasasi” nomi kiritilgan madrasa aslida “Do‘stmatboy madrasasi” (Do‘stmatboy Baxmal tumanidagi O‘smat shaharchasidan bo‘lgan) tarzida kiritilishi kerak edi. Bunday xatoliklar arxeologik obidalarda, ayniqsa, ko‘plab uchraydi. Masalan, Qoratepa Qiziltepa shaklida, Qiziltepa Sariqtepa shaklida milliy ro‘yxatga kiritilgan. Milliy ro‘yxat shoshma-shosharlik bilan, obyektlarni joyiga chiqib ko‘zdan kechirmasdan, o‘tgan asrning 30-50-yillarida tuzilgan ro‘yxatlarga qarab tuzilgan hollar ham mavjud. Natijada aslida o‘tgan asrning 90-yillariga qadar yo‘q bo‘lib ketgan arxeologik obyektlar ham ro‘yxatga kiritilgan. Shu bilan birga, milliy ro‘yxatga kiritilmasdan qolib ketgan moddiy madaniy meros obyektlarining soni ham dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 200 ga yaqinni tashkil etadi. Ularni ham milliy ro‘yxatga kiritish va shu orqali saqlab qolish zarur.
Ikkinchidan, moddiy madaniy meros obyektlarining yagona elektron bazasi shakllantirilmaganligi ham katta muammolarni yuzaga keltirmoqda. Dunyo tajribasida ko‘riladiki, barcha moddiy madaniy meros obyektlarining elektron bazasi yuritiladi va u barcha uchun ochiq. Yagona elektron bazaning yuritilishi sohada bajarilayotgan ishlarning shaffof bo‘lishini ta’minlaydi va jamoatchilik nazoratini ham osonlashtiriladi.
Uchinchidan, moddiy madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish va saqlanish holati dalolatnomalarini (object condition report) tuzish zarur. Bunda maxsus fotodronlar yordamida har bir obyektning uch o‘lchamli surati olinadi. Suratga obyektning joriy holati yozma ravishda ilova qilinadi. Natijada moddiy madaniy meros obyektlarini vaqtincha saqlab turgan tashkilotlar, xususiy mulk egalari, umuman javobgar shaxslarning mas’uliyati oshadi. Vaqti-vaqti bilan obyektlar xatlovdan o‘tkazilganda saqlanish holati dalolatnomalaridagi surati va tavsifi bilan solishtiriladi.
To‘rtinchidan, moddiy madaniy meros obyektlarining kadastr hujjatlarini shakllantirish ishlarini oxiriga yetkazish zarur. Ayni vaqtda birgina Samarqand viloyatida moddiy madaniy meros obyektlarining 90 fozidan ortig‘i (1467 ta) o‘z kadastr pasportiga ega.
Beshinchidan, moddiy madaniy meros obyektlarining barchasiga muhofaza belgilari o‘rnatish, atrofini o‘rash kerak. Bu ayniqsa arxeologik obyektlarga taaluqlidir.
Oltinchidan, bugungi kunda Samarqand viloyatidagi 1607 ta moddiy madaniy meros obyektidan 130 tasi yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Mazkur obyektlarda imkon qadar tez fursatda birlamchi konservatsiya ishlarini amalga oshirish lozim.
Yettinchidan, Samarqand viloyatidagi 60 ga yaqin arxeologiya merosi obyekti haligacha qabriston hisoblanadi. Bu esa mazkur obyektlardagi yuqori madaniy qatlamlarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelmoqda. Qabristonlar uchun alohida joy ajratib, arxeologik tepaliklarni qabriston sifatida ishlatishni to‘xtatish lozim.
Moddiy madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish, milliy ro‘yxatga tuzatishlar kiritish, moddiy madaniy meros obyektlarining yaqona elektron bazasini yuritish ishlarini keng jamoatchilik, olim va mutaxasislar ishtirokida amalga oshirish mumkin. Shuning bilan birga mazkur jarayonlarga xorijiy va mahalliy grant mablag‘larini jalb etish yaxshi samara beradi.
Moddiy madaniy meros obyektlarini saqlash bilan bog‘liq ishlar moliyaviy ko‘maksiz bo‘lmaydi, albatta. Keyingi yillarga davlatimiz tomonidan mazkur sohaga ajratilayotgan mablag‘ miqdori yildan yilga ko‘paymoqda. Mazkur jarayonga mahalliy hokimliklar ham o‘z hissasini qo‘shsa, sohadagi ko‘plab muammolarga yechim topilgan bo‘lardi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri