Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Prezidentimizning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Deputatlar davlatimiz rahbarining ushbu tashrifi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik munosabatlarini yangi, yanada mazmunli bosqichga ko‘targan muhim voqelik bo‘lganini qayd etdi.
Ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik kelgusida ham tinchlik, ijtimoiy adolat va umumiy taraqqiyotga xizmat qiladigan namunaviy hamkorlik modeli sifatida rivojlanib boraverishi alohida urg‘ulandi.
Yig‘ilishda madaniy meros agentligi vakolatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan bir qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining madaniy meros sohasidagi vakolatlarini aniq belgilash, ularni tizimlashtirish va qonunchilikni o‘zaro muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda.
[gallery-27445]
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimini institutsional jihatdan mustahkamlash, qonunchilikdagi ziddiyat va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish hamda sohadagi vakolatli organlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Muhtarama Komilova, O‘zA