Qonunga sharh
Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Madaniy meros agentligi vakolatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan qonun madaniy merosni muhofaza qilish sohasida muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.
Mazkur qonunda ko‘zda tutilayotgan normalar haqida Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oydin Abdullayeva batafsil so‘zlab berdi:

— Keyingi yillarda amalga oshirilgan ma’muriy islohotlar doirasida madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati, tuzilmasi, vazifa va funksiyalari qayta ko‘rib chiqilib, bu sohadagi davlat boshqaruvi tizimi yanada takomillashtirildi.
Xususan, ma’muriy islohotlar natijasida madaniy meros ob’ektlarini aniqlash, davlat ro‘yxatiga olish va muhofaza qilish vakolatlari maxsus vakolatli organga yuklatilgan bo‘lsa, mahalliy hokimiyatlarga esa ob’ektlarning saqlash holatini ta’minlash, hududni obodonlashtirish va qonun buzilish holatlarini bartaraf etish vazifalari belgilandi. Bu amalda markaziy va mahalliy organlar o‘rtasida mas’uliyatni aniq chegaralab berdi.
O‘tgan davrda madaniy merosni muhofaza qilish sohasida nazorat va hisobdorlik oshirildi. Madaniy meros ob’ektlariga yetkazilgan zarar uchun ma’muriy va moddiy javobgarlik choralari kuchaytirilib, ob’ektlarni o‘zboshimchalik bilan qayta qurish yoki maqsadsiz foydalanish holatlari uchun nazorat mexanizmlari joriy etildi.
Yaqinda quyi palatada qabul qilingan Madaniy meros agentligi vakolatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan qonun ushbu sohani huquqiy jihatdan takomillashtirishga qaratilgani bilan g‘oyatda ahamiyatlidir. Mazkur hujjat bilan bir qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining madaniy meros sohasidagi vakolatlarini aniq belgilash, ularni tizimlashtirish va qonunchilikni o‘zaro muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.
Masalan, Madaniyat vazirligi va Madaniy meros agentligining moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi vakolatlari aniq taqsimlanmoqda. Unga ko‘ra, nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini aniqlash, ularni ro‘yxatga olish va saqlash sohasidagi vakolatlar vazirlik zimmasida qoldirilyapti.

Moddiy madaniy merosga oid sohalar, jumladan arxeologiya tadqiqotlari, tarixiy-madaniy ekspertiza, davlat kadastrini yuritish, muzeylar faoliyati hamda madaniy boyliklarni olib chiqish va olib kirish bilan bog‘liq vakolatlar esa Agentlikka biriktirilmoqda.
Vakolatlarning aniq ajratilishi nomoddiy va moddiy madaniy merosga nisbatan davlat siyosatini maqsadli va izchil amalga oshirish imkonini beradi. Har bir yo‘nalish o‘z tabiatiga mos bo‘lgan organ tomonidan boshqarilishi natijasida sohada tizimlilik ta’minlanadi.
Shuningdek, nomoddiy madaniy meros bilan ishlashda ijodiy, ma’rifiy va madaniy siyosat ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgani sababli bu vakolatlarning Madaniyat vazirligi zimmasida qoldirilishi an’ana, urf-odat va milliy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga xizmat qiladi. Moddiy madaniy merosga oid texnik, ilmiy va nazorat talab etuvchi sohalarning Madaniy meros agentligiga biriktirilishi esa shubhasiz, ixtisoslashgan va professional boshqaruvni kuchaytiradi.
Umuman olganda, ushbu vakolatlar taqsimoti madaniy meros sohasida takrorlanuvchi funksiyalarni bartaraf etish, davlat boshqaruvini optimallashtirish hamda madaniy meros ob’ektlarini asrash bilan birga, ulardan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi,
O‘zA