Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida xalqimiz madaniy merosining mamlakat tashqi siyosati va “yumshoq kuch” diplomatiyasidagi o‘rniga bag‘ishlangan yangi monografiya taqdimoti o‘tkazildi. “O‘zbekistonning “yumshoq kuch” diplomatiyasi omili sifatida meros. Ma’nolar hududi” nomli ushbu asar muallifi Xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, falsafa fanlari doktori Shahnoza G‘aniyeva.
Tadbirda Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar vakillari, san’at arboblari hamda universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar qo‘llanmaning davlatimiz tarixiy va madaniy merosini targ‘ib qilish, tashqi siyosiy imijni shakllantirishdagi o‘rni tahlil etilgan fundamental ilmiy tadqiqot sifatida e’tirof etdilar.
[gallery-25639]
Muallif muzey to‘plamlari, qo‘lyozmalar va madaniy artefaktlarni o‘rganish asosida madaniyatimizning qadim davrdan XX asrga qadar tarixini tahlil qilgan. Asar nafaqat ilmiy manba, balki madaniy diplomatiya, muzey ishi va tashqi siyosat strategiyasi sohalari uchun ham zarur amaliy qo‘llanma bo‘la oladi.
Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, mazkur monografiya tarix, san’at va siyosatning o‘zaro bog‘liqligini ifodalash orqali O‘zbekistonning “yumshoq kuch” konsepsiyasini mustahkamlovchi muhim ilmiy ish sifatida namoyon bo‘lgan.
Musulmon Ziyo,
Otabek Mirsoatov (surat),
O‘zA