English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniy meros obyektlarini taʼmirlashda investorlar bilan hamkorlik
16:20 / 2020-08-11

Asrlar mobaynida sodir boʻlayotgan issiq va sovuq iqlim sharoiti, surunkali yogʻingarchiliklar, yer osti suvlari koʻtarilishi oqibatida madaniy meros obyektlarining yemirilishi, poydevor, tom va devor qismlariga zarar yetishi holatlari kuzatilmoqda.


Asrlar mobaynida sodir boʻlayotgan issiq va sovuq iqlim sharoiti, surunkali yogʻingarchiliklar, yer osti suvlari koʻtarilishi oqibatida madaniy meros obyektlarining yemirilishi, poydevor, tom va devor qismlariga zarar yetishi holatlari kuzatilmoqda. Oʻz navbatida tarixiy va moddiy ahamiyatga ega boʻlgan bu kabi madaniy meros obyektlarining umumbashariy qiymatini saqlash, yemirilish holatlari oldini olish va ularning holatini yaxshilash uchun har yili katta miqdordagi moliyaviy resurslar talab etiladi.

Shu oʻrinda qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburligi belgilab qoʻyilgan. Demak, har birimiz bebaho tarixiy yodgorliklarimiz hisoblangan madaniy meros obyektlarini asrab avaylash, butligini saqlash hamda kelajak avlodga yetkazish uchun birdek masʼulmiz.

Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi viloyat hokimligi bilan hamkorlikda madaniy meros obyektlarini saqlash, tiklash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha belgilangan talablar asosida loyihalarni amalga oshirish ishlarida ishtirok etish istagida boʻlgan mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida 16 ta madaniy meros obyektlari pasportlarini tayyorladi. Ularning joylashuvi, tarixi va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish boʻyicha qulayliklari haqidagi maʼlumotlari tayyorlanib, OAV va internet tarmoqlariga joylashtirildi.

Ayni paytgacha viloyatda madaniy meros obyektlarini butligini saqlash, ularni yaxshilash, restavratsiya qilish hamda sayyohlar uchun jozibador obyektga aylantirish boʻyicha mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan 16 ta loyiha taqdim etildi. Mazkur loyihalar asosida yoʻnaltiriladigan investitsiya qiymati 65,6 milliard soʻmni (tashabbuskorlar hisobidan 43,7 mlrd.soʻm, kredit hisobidan 21,9 mlrd.soʻm), tashkil etib, jami 295 ta yangi ish oʻrni ochilishi koʻzda tutilgan.

Jumladan, “Gʻoziyon”, “Turkman”, “Hotam Hindu”, “Domullo Tursunjon”, “Hoʻja Qurbon”, “Rahmonqul” madrasalari, “Karvon boshi”, “Baroyi Koʻhna”, “Rashid” karvonsaroylari, “Magʻoki Koʻrpa”, “Mirzo Usmon”, “Doʻstim Chorgʻosi”, “Bozori Gul”, “Mir Ibrohim” masjidlari, “Mavlono Sharif” majmuasi va XIX-XX asrlarda qurilgan sobiq bolalar bogʻchasi binolarini restavratsiya qilish va ular negizida gilamchilik, kulolchilik, zardoʻzlik, zargarlik, ganchkorlik, yogʻoch oʻymakorligi, kandakorlik kabi hunarmanchilik markazlari, milliy uslubdagi mehmonxonalar va choyxona tashkil etish boʻyicha dastlabki loyihalar tayyorlanib, Madaniy meros departamenti huzuridagi ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etilgan.

Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi
matbuot xizmati.