Mintaqaviy hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Xitoy Xalq Respublikasi Futszyan provinsiyasi gubernatori Chjao Lun boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Samarqandda bo‘lib turibdi.
Delegatsiya a’zolari Samarqand xalqaro turizm akademiyasida bo‘lib, uning faoliyati, viloyatda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shu yerda Futszyan provinsiyasi gubernatori Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari, madaniy meros ob’ektlari mutasaddilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, jumladan, 2023 yilning dekabr oyida Samarqand viloyati hokimi boshchiligidagi tadbirkor va viloyat mas’ullaridan iborat delegatsiya Futszyan muzofotiga tashrifi davomida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani va ayni paytda ularni hayotga tatbiq etish borasida ish olib borilayotgani ta’kidlandi.
[gallery-23517]
Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov Samarqand va Futszyan provinsiyasi o‘rtasida turizm va madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida madaniy meros ob’ektlarini saqlash, muhofaza qilish, qayta tiklash hamda yodgorliklardan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni taklif qildi.
– Bu sohada kadrlar tayyorlash, mutaxassislar bilan tajriba almashish, YUNESKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlarni restavratsiya qilish va asrab-avaylash, uzoq muddatli, barqaror hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga tayyormiz va bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi Futszyan provinsiyasi gubernatori Chjao Lun.
Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishda hamkorlik bo‘yicha bitim imzolandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari