Joriy yil davomida respublikadagi muzeylarga jami 5 million nafarga yaqin mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Shundan, “Moziyga sayohat” dasturi doirasida tashrif buyuruvchilar soni 3 million 63 ming 288 nafarni tashkil qilgan. Jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslar 173 ming 61 nafarga yetgan.
Madaniy meros agentligi direktori o‘rinbosari T.Qo‘ziyev ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda 53 ta madaniy meros ob’ektida restavratsiya, ta’mirlash-tiklash ishlarini bajarish va qolgan ob’ektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun 49,1 milliard so‘mlik shartnoma rasmiylashtirilgan va ta’mirlash-tiklash ishlari boshlab yuborilgan. 5 ta davlat muzeyi binosini mukammal ta’mirlash uchun 2,7 milliard so‘mlik pudrat shartnomalari rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari 6 ta davlat muzeyi binosini mukammal ta’mirlash uchun loyiha(lashtirish) tashkilotlari bilan 414 million so‘mlik loyiha shartnomalari ustida ish olib borilmoqda.
O‘tgan 2020 yilda yaratilgan Milliy muzey fondining elektron katalogi tizimi (www.davkatalog.uz)ga 46 ta davlat muzeyi biriktirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 1 million 269 ming 377 ta muzey ashyosi va kolleksiyasi elektron identifikatsiya qilinishiga erishilgan.
Muzeylarga tashrif buyuruvchi mehmonlarga qo‘shimcha xizmatlar tashkil etish maqsadida muzeylar va turistik yo‘nalishlardagi 18 ta madaniy meros ob’ektida “Museum shop” (muzey do‘kon) tizimi yo‘lga qo‘yildi. Imkoniyati cheklangan shaxslar, nuroniylar va ularga hamrohlik qiluvchi shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida 47 ta muzeyda pandus yo‘lakchalari, 7 ta muzeyda ko‘tarilish vositalari (lift) o‘rnatildi va 30 ga yaqin muzeyda audiogidlar tashkil etildi.
[gallery-15141]
Mutaxassisga ko‘ra, arxeologiya tadqiqotlarini olib borish uchun 114 ta ruxsatnoma rasmiylashtirilgan. Shundan, 83 tasi arxeologik qazuv ishlari uchun bo‘lsa, 31 tasi arxeologik qidiruv uchun berildi.
Shuningdek, 2023 yilda respublika hududida joylashgan madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarining 5 ming 240 tasiga muhofaza belgilari o‘rnatilgan, 6 ming 780 ta ob’ektga jamoatchi inspektorlar biriktirildi, 7 ming 832 ta kadastr yig‘ma jildi shakllantirilgan. Madaniy meros ob’ektlaridan oqilona foydalanish maqsadida 1001 ta tadbirkorlik sub’ekti bilan ijara shartnomalari tuzilgan.
Yil davomida madaniy meros ob’ektlari hamda uning tutash hududlarida 160 (25 ta jinoiy, 135 ta ma’muriy) noqonuniy holatlar aniqlangan hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan. Amalga oshirilgan davlat nazorati tadbirlarida madaniy meros ob’ektlariga umumiy hisobda 28 milliard so‘mdan ziyod zarar yetkazilgani aniqlangan. Mamlakatimiz hududidan madaniy boyliklarni noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqishga urinish holatlari davomida jami 1,6 milliard so‘mlik 2 ming 36 ta ashyo tegishli tartibda to‘xtatib qolingan va 210 ta ekspertiza xulosasi tayyorlangan.
Xorij davlatlaridagi kutubxona, muzey, fond yoki boshqa ilmiy-madaniy muassasalarda saqlanayotgan mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid 242 ta madaniy boylikning ilmiy tavsifi tayyorlangan. AQSH, Buyuk Britaniya va Ispaniyada saqlanayotgan 9 ta qo‘lyozmaning elektron nusxalari olinishiga erishilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA