Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya kun tartibida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq 14 ta muhim masala ko‘rib chiqildi.
Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida mahalliy telekanal va ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli tarzda efirga uzatilgan sessiya kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqdi.
Qayd etildiki, 2025 yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sish sur’ati 107,9 foizga bajarilib 63 trillion so‘mni tashkil qildi. Bunda 34 trillion so‘mlik sanoat va 35 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Hududda, shuningdek 14 trillion so‘mlik qurilish ishlari hamda 37 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Hisobot davrida 102 ta loyiha doirasida 1,1 milliard AQSH dollarilik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 456 million AQSH dollarilik mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan.
Viloyat iqtisodiyotini yanada ko‘tarishning zaxira va imkoniyatlari mavjud. Ayniqsa, turizm sohasini yanada rivojlantirishga zamin yaratilmoqda. Xususan, o‘tgan yilda viloyatdagi 8 ta madaniy meros ob’ektida 16,3 mlrd. so‘mlik ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilgan. 2026 yilda ham ushbu ishlar davom ettirilib, ta’mirlash-tiklash, restavratsiya va rekonstruksiya ishlari uchun 37,5 mlrd. so‘m yo‘naltiriladi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar bo‘yicha viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, viloyat hokimi o‘rinbosarlari va boshqa mas’ul rahbarlarning hisobotlari eshitildi.
Ko‘tarilgan barcha masalalar deputlar tomonidan keng muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri