Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun ijrosi muhokama qilindi.
Xususan, Buxoro viloyatida qonunning ijro etilishi holati ko‘rib chiqildi va bu borada mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Ushbu sohada muayyan ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xususan, Buxoro viloyatida 829 ob’ekt moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Ularning kadastr hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilgan va davlat kadastrlari yagona elektron tizimiga joylashtirilgan. Shuningdek, barcha ob’ektlarga muhofaza belgilari o‘rnatilgan.
57 madaniy meros ob’ektini restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari uchun respublika byudjeti hisobidan 2023 yilda 22,7 milliard so‘m, 2024 yilda 42 milliard so‘m ajratilgan.

Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkazilgan madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash-tiklash ishlariga qo‘shimcha ravishda 89,7 milliard so‘m yo‘naltirilgan.
Davlat hisobiga olish maqsadida 72 yangi madaniy meros ob’ekti to‘g‘risida tarixiy madaniy ekspertiza xulosalari tayyorlanib, Madaniy meros agentligi huzuridagi ilmiy-ekspert kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan.
O‘tgan yilda o‘zbek-italyan restavratsiya o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
O‘rganish davomida olib borilgan ishlar bilan bir qatorda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar borligi aniqlangan. Jumladan, 12 ob’ekt avariya holatida va 13 ob’ektda mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishi lozim.
Buxoro tarixiy markazi va uning himoya zonasida joriy yil davomida madaniy meros ob’ektlari bilan bog‘liq 92 qonunbuzilish holati aniqlangan.
Aholi arxeologiya ob’ektlarining 156 tasidan qabriston sifatida foydalanib, 9 holatda ob’ektning muhofaza hududida noqonuniy qurilmalar joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasida tashqi reklamani moddiy madaniy meros ob’ektlariga o‘rnatish taqiqlanishi belgilangan bo‘lsa-da, 20 ob’ektga tashqi reklama noqonuniy o‘rnatilgan.
Madaniy meros ob’ektlariga tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida tegishli yo‘l ko‘rsatgichlarini o‘rnatish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha biriktirilgan jamoatchi inspektorlarning faoliyati samarali tashkil etilmagani ta’kidlandi.
Muhokama jarayonida O‘zbekistonda ayrim oliy ta’lim tashkilotlarida moddiy madaniy merosni muhofaza qilishga oid mutaxassisliklar mavjud bo‘lsa-da, restavratsiyaning maxsus – amaliyotga yo‘naltirilgan mutaxassislarini tayyorlash hali yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani, bu yo‘nalishda kadrlar yetishmasligi qayd etildi.
Bundan tashqari, “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunni ma’muriy islohotlar talablaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurati mavjudligi bildirildi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA