Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniy meros ob’ektlari davlat muhofazasida
11:38 / 2022-03-11

Andijon viloyatidagi 12 ta madaniy meros ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Qadim va boy tarixga ega yurtimizda tarixiy obida va madaniy yodgorliklar juda ko‘p. Ular xalqimizning o‘tmishini o‘zida mujassam etgan milliy qadriyatlarimiz namunasi, xalqimizning bebaho mulki hisoblanadi. Qolaversa, yurtimizdagi yuzlab ko‘hna va betakror obidalar asrlar davomida dunyo ahlini lol etib kelmoqda. Shu bois, ularni o‘rganish, muhofaza qilish, kelajak avlodga bus-butun yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada Andijon viloyatida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

– bugungi kunda viloyatda mahalliy va respublika ahamiyatiga molik 422 ta tarixiy va madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatga olingan, – deydi Andijon viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Bekzodbek Umarov. – Ulardan 221 tasi arxeologik, 74 tasi me’moriy yodgorliklar, 42 tasi monumental san’at yodgorliklari, 85 tasi diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlardir. Madaniy meros ob’ektlarining 400 tasi davlat, 22 tasi xususiy mulk hisoblanadi. Mavjud tarixiy obida va madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash, obodonlashtirish ishlari reja asosida amalga oshirilmoqda. Jumladan, mutaxassislar ishtirokida viloyatdagi madaniy meros ob’ektlari ro‘yxati shakllantirilib, ularning elektron ma’lumotlar bazasi yaratildi. Qator ob’ektlarni o‘rganish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Ularning aksariyatida kadastr-baholash, muhandislik-tadqiqot, toponomik, kartografiya ishlari amalga oshirildi. Jumladan, aksariyat tarixiy yodgorliklarning kadastr hujjatlari, pasportlari tayyorlandi.

Xorijlik va yurtimizning tarixchi olimlari, arxeologlari hamkorligida Marhamat tumanidagi Mingtepa, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Qo‘shtepa” arxeologik yodgorliklarida qazilma va ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi.

Mingtepa qal’asi qadimiy Davan davlatining poytaxti – Ershi shahrining xarobalari ekanligi tarixdan ma’lum. Olimlarning aniqlashicha, o‘z davrida qal’aning shahar ichi qismi 38 gektar, shahar tashqarisi esa 230 gektar maydonni egallagan. Ershi hukumdorining maxsus saroylari joylashgan Jung‘ortepa, Qorovultepa, Mingtepa, Alitepa singari o‘ndan ortiq tepaliklar xarobalari hozirda ham saqlangan.

Viloyat markazi va Toshkent shahrida ushbu arxeologik yodgorliklarda olib borilgan qazishmalar chog‘ida topilgan noyob osori-atiqalar, turli buyumlar ko‘rgazmalari tashkil etilib, keng jamoatchilikka namoyish etildi. Shuningdek, ochiq osmon ostidagi “Mingtepa” muzeyini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 2021 yilda Andijon shahridagi “Ark ichi” arxitektura yodgorligi, “Kommersant qarorgohi”, Shahrixon tumanidagi “Qipchoqqo‘rg‘on” masjidida restavratsiya-tiklash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologik yodgorligida olib borilayotgan ishlar joriy yilda ham davom ettirilmoqda.

Joriy yilda esa Andijon shahridagi “Dukchi Eshon”, “Ahmadbek xoji”, “Yunusxoji masjidi”, “Gumbaz masjidi”, “Obelisk va xoj”, “Avliyo Nikolay cherkovi”, Paxtaobod tumanidagi “Otaqo‘zi madrasasi”, Asaka tumanidagi “Tillaxon masjidi” arxitektura yodgorliklari, Buloqboshi tumanidagi “Supalitepa”, Jalaquduq tumanidagi “Abdullabiy I” arxeologiya yodgorliklari, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Yunus ota” ziyoratgohida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Xalqimiz, milliy davlatchiligimiz tarixini o‘zida aks ettiruvchi, kelajak avlodlarga moziydan xabar beruvchi ziyoratgoh, arxeologik yodgorliklarni, tarixiy va madaniy obidalarni asrab-avaylash, obodonlashtirish, ularga yangi hayot baxsh etishga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar viloyatdagi qator ziyoratgohlarda ham olib borilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, tarixiy obida va madaniy yodgorliklar yurtdoshlarimiz qalbida ona yurtga muhabbat, qadim o‘tmishimizga bo‘lgan faxr-iftixor tuyg‘usini mustahkamlashga, qolaversa, yosh avlodni tariximizga, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

[gallery-6092]


Faxriddin UBAYDULLAEV, 

Zuxriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA