O‘zbekistonda hozirgi kunga qadar 8 ming 209 ta moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari aniqlangan bo‘lib, shundan 4 ming 748 ta arxeologiya merosi ob’ekti hisoblanadi.
Bugunga qadar respublika hududida joylashgan arxeologiya ob’ektlariga 2 ming 289 ta muhofaza belgisi o‘rnatilgan, 4 ming 438 ta kadastr yig‘ma jildi shakllantirilgan, 4 ming 144 ta madaniy meros ob’ektining kadastr hujjati yagona elektron tizimga kiritilgan hamda 2 ming 815 ta ob’ektning muhofaza tegralari belgilangan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda soha mutaxassislarining ma’lum qilishicha, 2023 yilning sentyabr oyiga qadar Agentlik va hududiy boshqarmalar tomonidan joriy yil madaniy meros ob’ektlari hamda uning tutash hududlarida 160 ta noqonuniy holatlar aniqlangan hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan.
Shundan 25 tasi jinoiy ish. 23 tasi arxeologiya yodgorliklari va uning hududida aniqlangan holatlardir. 135 ta ma’muriy ish. Bunda 34 ta holat arxeologiya yodgorliklari hududlarida qayd etilgan.
2023 yilning 8 oyi davomida arxeologiya tadqiqotlarini olib borish uchun 108 ta ruxsatnoma rasmiylashtirildi. Ruxsatnomaning 78 tasi arxeologik qazuv uchun, 30 tasi arxeologik qidiruv uchun taqdim etilgan. Shundan 20 ga yaqini xalqaro qo‘shma ekspeditsiya hisoblanadi.
Moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish uchun Toshkent shahar, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax Toshkent viloyatlari tomonidan 1 ming 99 ta ekspertiza xulosalari ko‘rib chiqilib, Ilmiy-ekspert kengashiga kiritildi.
Bosh prokuratura bilan birgalikda yil davomida Toshkent shahar, Jizzax, Xorazm, Navoiy, Qashqadaryo, Toshkent, Buxoro viloyatlaridagi arxeologiya merosi ob’ektlarining muhofaza va saqlanish holati o‘rganildi. Jumladan, Buxoro viloyatida joylashgan 287 ta arxeologiya merosi ob’ektidan 272 tasida o‘rganish ishlari olib borildi. Bu jami ob’ektlarning 95 foizini tashkil etadi. O‘rganilgan ob’ektlardan 156 tasi qabristonlarga aylantirilgan, 5 tasiga zarar yetkazilgani aniqlandi.
Bundan tashqari 2023 yilda muzeylashtiriladigan arxeologiya ob’ektlarida tadqiqotlar davom etmoqda. Madaniy meros agentligining 2023 yilda muzeylashtiriladigan arxeologiya yodgorliklariga jami 4 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.
Madaniy meros ob’ektlarini asrash va turizm hududlarining master-rejalari bo‘yicha loyihalashtirish instituti tomonidan ob’ektlarning asrashga doir ishlar taklif loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirda “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK tomonidan ekspertiza o‘tkazilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA