Joriy yilning 19 iyun kini O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" telegram kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, Madaniy meros agentligi moddiy madaniy meros, muzeylar, arxeologiya, madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Qarorga ko‘ra:
sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari Agentlik bilan kelishilishi majburiy hisoblanadi;
moddiy madaniy meros ob’ektiga yetkazilayotgan zarar haqidagi holat bo‘yicha xabardor bo‘lgan paytdan boshlab davlat nazoratining dastlabki natijalari 24 soat ichida Agentlik rasmiy sayti orqali jamoatchilikka ma’lum qilinadi;
asrashga doir ishlarni rejalashtirish va amalga oshirishning barcha bosqichlarini ilmiy-texnik tadqiq etish uchun har bir ob’ektning o‘ziga xosligi va holatidan kelib chiqib, Ilmiy-texnik tadqiqot guruhlari tuziladi;
Agentlikka turizm va sport vazirining taqdimnomasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
2023 yil 1 yanvardan:
● moddiy madaniy meros ob’ektlari va muzeylar sohasidagi davlat xizmatlarining ayrimlari elektron shaklda ko‘rsatiladi;
● davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni elektron shaklda amalga oshirish orqali kvitansiya talab qilish bekor qilinadi;
● Agentlik mas’ul xodimlari va fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb etilgan mutaxassislar, ekspertlar tomonidan tegishli ko‘chmas mulk va ko‘char ashyolar shaxsan ekspertizadan o‘tkaziladi;
● ekspertiza o‘tkaziladigan manzil, vaqt va ma’lumot uchun telefon raqamlari hamda davlat xizmati ko‘rsatish natijasi haqida SMS yuborish orqali arizachi xabardor qilinadi;
● davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali beriladi.
2022 yil 1 yanvardan namoyish ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan namoyish ob’ektlarida chiptalar savdosini tegishli yagona elektron tizimga integratsiya qilmagan holda amalga oshirish nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibini buzish deb baholanadi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur agentlik Prezidentning 2021 yil 6 apreldagi PF–6199-son farmoni bilan tashkil qilingan.