Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniy hamkorlikni rivojlantirish - SHHTning ustuvor vazifasi
20:46 / 2022-05-19

Toshkentda 19 may kuni O‘zbekiston raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining o‘n to‘qqizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda SHHTga a’zo mamlakatlar madaniyat sohasi rivoji uchun mas’ul idoralar rahbarlari va tashkilot Bosh kotibi Chjan Min ishtirok etdi.

- So‘nggi yillarda O‘zbekistonda madaniyat sohasi rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi, mamlakatimizda madaniy diplomatiya paydo bo‘ldi, xorijiy davlatlar, xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik faollashdi - dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. - Davlatimiz yirik xalqaro madaniy festival, tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha boy tajribaga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda “Maqom san’ati”, “Baxshi”, “Sharq taronalari”, “Lazgi” raqsi” kabi xalqaro festivallar o‘tkazilishi an’anaga aylandi. Mazkur nufuzli tadbirlarda sayyoramizning turli mintaqalaridan vakillar ishtirok etmoqda.

Shubhasiz, bunday anjumanlar millatlararo do‘stlikni mustahkamlash, madaniy xilma-xillikni, dunyo xalqlarining ko‘p asrlik an’ana va odatlarini asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.

- Gumanitar hamkorlikni rivojlantirish SHHTning ustuvor vazifalaridan biri, - dedi SHHT bosh kotibi Chjan Min. ­– O‘tgan 20 yil ichida SHHT gumanitar sohada samarali natijalarga erishdi. O‘zbekistonning tashkilotga raisligi davri uchun ishlab chiqilgan rejada yigirmaga yaqin madaniy-gumanitar tadbir belgilangan. Tomonlarning qat’iy qo‘llab-quvvatlashi tufayli barcha anjumanlar yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Xususan, O‘zbekiston tashabbusi bilan madaniy-gumanitar hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida Samarqandda bo‘ladigan davlat rahbarlari Sammitida qabul qilinishi uchun taqdim etiladigan bir qator hujjatlar muhokama qilindi. Ushbu hujjatlardan biri - SHHTga a’zo davlatlar vakolatli idoralari o‘rtasida muzey ishlari sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum loyihasi bugungi uchrashuvda ko‘rib chiqilmoqda. Umid qilamizki, atroflicha muhokama qilingach, hujjatni qabul qilish bo‘yicha bir to‘xtamga kelinadi.

[gallery-7180]

Yig‘ilishda madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik tamoyili asosida yanada rivojlantirish zarurligi tasdiqlandi. Tashkilotga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining avvalgi uchrashuvlari doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Soha mas’ullari pandemiya sharoitida aholini qo‘llab-quvvatlashda madaniyatning roli va ijobiy ta’sirini bir ovozdan e’tirof etishdi. Xalqlar o‘rtasida o‘zaro bir-birini tushunish tuyg‘usini mustahkamlash, madaniyatlar xilma-xilligini saqlab qolish, turfa madaniyat, urf-odat va an’analar haqidagi bilimlarni kengaytirish maqsadida kino, teatr, kutubxona va muzey sohasida qo‘shma loyihalar ishlab chiqishdan barcha tomonlar manfaatdor ekani qayd etildi.

Vazirlar qo‘shma madaniy tadbirlar amalga oshirish muhimligini, kuzatuvchi davlatlar hamda muloqot bo‘yicha sheriklar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmini yanada takomillashtirish zarurligini ma’qulladilar.

Uchrashuv yakunida mutasaddilar Varanasi shahri (Hindiston Respublikasi) nomzodini “SHHT davlatlarining sayyohlik va madaniy poytaxti” maqomiga tasdiqlash to‘g‘risida qabul qilingan qarorni yakdil qo‘llab-quvvatladi. Madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash sohasida almashinuv va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida san’at festivallari, tanlovlar, forum, ilmiy anjuman va boshqa turdagi madaniy tadbirlarni o‘tkazishga ko‘maklashish, ta’lim, madaniyat va san’at sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorlik bildirildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vakolatli idoralari o‘rtasida muzey ishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihasini ma’qullab, SHHT Kotibiyatidan ushbu hujjatni O‘zbekiston Respublikasi raisligi doirasida imzolash masalasini belgilangan tartibda hal etish uchun SHHTga a’zo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashida ko‘rib chiqishga taqdim etishni so‘radilar.

SHHTga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining yigirmanchi yig‘ilishini 2023 yil Hindiston Respublikasida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

SHHT maydonida madaniyat sohasidagi hamkorlikni yanada ravnaq toptirish tuzilmaga a’zo davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA