Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi delegatsiyasi tashrif bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib turibdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokara davomida 2021 yilda hamkorlikda o‘tkazilishi mo‘ljallangan tadbirlar rejasi imzolandi.
Rejaga binoan, O‘zbek Milliy akademik drama teatrining “Imon”, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrining “Bayaderka”, “Trubadur”, “Maysaraning ishi”, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining “Baxshi”, O‘zbekiston davlat drama teatrining “Trufaldino”, “Ojiza demang bizni”, O‘zbekiston davlat satira teatrining “Julqunboy” spektakllari qardosh xalq diyorida namoyish etiladi.
Shu bilan birga, Namangan viloyati musiqali drama teatrining “Aziz”, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrining “Sab’ai sayyor”, Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrining “Alpomish” kabi spektakllari qozog‘istonlik muxlislarga namoyish etiladi. Shuningdek, O‘zbek Milliy simfonik orkestri, “Lazgi”, “Navbahor”, “O‘zbekiston” qo‘shiq va raqs ansambllari, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli, Xorazm, Toshkent, Buxoro viloyatlari maqom ansambllari o‘z ijodiy chiqishlari bilan Qozog‘istonning turli hududlarida ijodiy safar uyushtirib, o‘zaro tajriba almashadi.
O‘z navbatida, Qozog‘iston vakillarining “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyasi chorrahasida” nomli xalqaro forumidagi ishtiroki, Qoraqalpog‘istonda Akto‘be kunlari, “Ostona opera” davlat opera va balet teatri, Chimkent shahar J.Shanina nomidagi qozoq drama teatri, Okmola viloyati rus drama teatri, “Sazgen sazы” folklor etnografik ansambli va an’anaviy ijrochilar, Tattibet nomidagi qozoq xalq cholg‘u asboblari akademik orkestri va K. Bayjenova nomidagi konsert birlashmasi, Qizilo‘rda va Turkiston viloyatlari san’at ustalari o‘z ijod namunalari bilan yurtimizning turli go‘shalarida ijodiy safarda bo‘ladi.
Har ikki tomonning ijodiy safarlari media rejada belgilangan sana va manzillarda amalga oshiriladi.
Bu kabi madaniy-ma’rifiy aloqalar o‘zaro do‘stlik, qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.
N.Usmonova, O‘zA