O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Narzullayev hamda Qirg‘izistondagi O‘zbek milliy madaniy markazi raisi o‘rinbosari A.Atajanov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, shu kunga qadar erishilgan natijalar hamda istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar madaniyat, san’at va ilm-fan sohalarida o‘zaro tajriba almashuvini yanada kuchaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ijodiy uchrashuvlar hamda ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, qirg‘izistonlik o‘zbek yoshlari o‘rtasida o‘zbek tilini o‘rgatish ko‘lamini kengaytirish, milliy an’ana va qadriyatlarni targ‘ib qilish bo‘yicha ham aniq kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni tizimli va samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida aniq reja va mexanizmlar asosida ish olib borish, qo‘shma tadbirlar taqvimini shakllantirish hamda doimiy aloqa o‘rnatish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlanishicha, mazkur hamkorlik Qirg‘izistonda istiqomat qilayotgan o‘zbeklarning milliy o‘zligini saqlash, ularning madaniy-ma’rifiy hayotini qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA