Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirish MDH tashkilotiga a’zo barcha mamlakatlar manfaatlariga javob beradi
15:14 / 2020-12-19

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan MDH tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbuslardan biri 2021 yilda Toshkent shahrida “MDH davlatlari madaniy merosi” konferensiyasini o‘tkazish g‘oyasi bo‘ldi.

Ushbu taklifning dolzarbligi bevosita madaniy-gumanitar aloqalarning MDH mamlakatlari integratsion hamkorlik jarayonida tutgan beqiyos o‘rni va bu davlatlarda istiqomat qiluvchi turli millat vakillarining o‘zaro do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishida mazkur omilning muhimligi bilan chambarchas bog‘liq. Chunki, aynan madaniyatlararo muloqotga an’anaviy ravishda o‘zaro ishonch va mushtarak manfaatlarga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirishning samarali vositasi va ko‘ptomonlama barqaror munosabatlarni ta’minlashning mustahkam poydevori sifatida qaraladi. 

Shuni inobatga olgan holda, joriy yilda O‘zbekiston o‘zining MDH tashkilotiga raisligi doirasida bu yo‘nalishda bir qator tizimli ishlarni amalga oshirdi. Mazkur taklif esa mamlakatimizning MDH hamkorlik formatiga jiddiy e’tibori va madaniy-gumanitar aloqalarga yangi sur’at berishga izchillik bilan kirishganining yana bir amaliy isboti bo‘ldi.

Hususan, 2021 yilda Toshkent shahrida “MDH davlatlari madaniy merosi” konferensiyasini o‘tkazish ushbu mamlakatlar xududida mavjud bo‘lgan tarixiy moddiy va nomoddiy ob’ektlarni saqlash va tiklash jarayonlari, shuningdek ularni xalqaro miqyosda ommalashtirish ishlarida umumiy va zamon talablariga javob beruvchi yangi harakatlar strategiyasini ishlab chiqishga zamin tayyorlaydi. 

Shu bilan birga, Hamdo‘stlik davlatlari madaniy soha vakillari o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun imkoniyat yaratadi. Eng muhimi, ushbu anjumanning mamlakatimiz xududida o‘tishi O‘zbekiston yangi tashqi siyosatining muhim yo‘nalishiga aylanib ulgurgan madaniy diplomatiyaning rivojiga xissa ko‘shadi. Bu esa, o‘z navbatida, tashqi dunyoga ochiqlik va konstruktiv muloqotni ta’minlash tamoyillari davlat tashqi siyosiy strategiyasining muhim tarkibiy qismiga aylanganini yana bir bor xalqaro doirada namoyish etadi.

Aziz KARIMOV

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xuzuridagi 

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

yetakchi ilmiy xodimi