Yurtimizda teatr san’atini yanada rivojlantirish, teatrlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Sohada ijodiy hamkorlik va erkinlikni ta’minlash, spektakllarning badiiy saviyasini oshirish, byudjet mablag‘lari va boshqa resurslardan samarali foydalanish, jahon teatr san’atining ilg‘or tajribalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar” mavzusidagi davra suhbatida qizg‘in muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Madaniyat vazirligi va uning huzurida faoliyat olib borayotgan teatr tashkilotlari tomonidan 2025 – 2030 yillarda buyuk tarixiy shaxslarning ibratli hayoti va ijodi, ularning bolaligi va yoshligini ifodalovchi milliy qahramon obrazlari bo‘yicha yillar kesimida sahnalashtiriladigan spektakllar rejasi tasdiqlangan.
Bugungi kunda 6 nafar teatr san’atidagi iste’dodli va yuqori malakali ijodkorlar, teatrshunoslar va san’atshunoslarning mahorat maktablari tashkil etilgan. Tarixiy va zamonaviy mavzular bo‘yicha “Eng yaxshi pesalar” va “Eng yaxshi tarjima asarlari” tanlovlari o‘tkazilgan.

Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga akademik maqomi berilib, teatr tanqidchilari va dramaturglar klublari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri hamda O‘zbekiston davlat yoshlar teatriga moliyaviy mustaqillik berilgan. Joriy birinchi yarim yil davomida 12 nafar teatr xodimlarining xorijiy davlatlar teatrlarida mahorati oshirilgan.
Muhokamalarda sohada erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, o‘z yechimini kutayotgan masalalar, teatrlarga tomoshabinlarni keng jalb etish, saviyali asarlarni olib chiqish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Amaldagi “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarurligi ta’kidlandi.
M.Komilova,
O‘zA