Bojxona organlari tomonidan madaniy merosimizni saqlab qolish, ularning yurtimiz hududidan noqonuniy ravishda olib chiqilishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Daut-ota” chegara bojxona posti orqali fuqaro N.I. boshqaruvida qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan “FORD TRANZIT” rusumli yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan jami 3 dona ikki tomonlama ochiladigan, o‘yma naqshlar tushirilgan gujum daraxtidan yasalgan eski yog‘och eshiklar borligi aniqlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, gulli o‘ymakor naqshli qo‘l san’ati mahsuli hisoblangan ushbu eshiklar Buxoro va Xorazm viloyati ustalari tomonidan “ubaydiy” uslubida XIX asrda yaratilgan bo‘lib, ularni respublikamiz hududidan olib ketish man etiladi.
Madaniy boyliklarning mamlakatimiz chegaralari orqali olib o‘tilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 23 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi masalalarini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq amalga oshiriladi. Mazkur qarorga asosan, madaniy boyliklarga taalluqli ashyolar toifasiga etnografik ob’ektlar: o‘yma naqshlar, estamplar, amaliy-dekorativ san’at asarlari (shisha, loy, yog‘och, metall, suyak, mato va boshqa materiallardan ishlangan badiiy buyumlar) ham kirishi belgilangan bo‘lib, bu kabi madaniy meroslarni vakolatli organlar tomonidan taqdim etiladigan maxsus ruxsatnomalarsiz yurtimiz hududidan olib chiqish ta’qiqlanadi.
Hozirda ushbu madaniy meros Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati muzeyiga topshirilgan bo‘lib, aniqlangan huquqbuzarlik holati yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA