Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Madaniy almashinuv va xorijiy tillarni o‘rganish” mavzusidagi I forum o‘tkazildi
18:51 / 2021-07-08

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida tashkil etilgan forum davlatimiz rahbarining mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yaratish borasidagi muhim tashabbusining namunasidir. Ma’lumki, Toshkent viloyati ko‘pmillatli hudud hisoblanadi. Aholining ko‘p qismi ikki tilli, ya’ni o‘zbek va rus tillarini yaxshi biladi.

Maqsad, xorijiy tillarni o‘qitish va o‘rganish usullarini muhokama qilish, chet tillarini o‘qitish sohasida xalqaro tashkilotlar, ta’lim muassasalari va viloyat hokimligi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Ta’lim sohasidagi tajribali ekspertlar ishtirok etgan forumda onlayn qatnashgan Bosh vazir o‘rinbosari B.Musayev barchani ushbu tashabbus bilan tabriklab, uning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Shundan so‘ng viloyat hokimi D.Hidoyatov, Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov va boshqa ishtirokchilar so‘zga chiqib, chet tillarni o‘rganishning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, aholi o‘rtasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish va mukkamal o‘zlashtirilishini ta’minlash, ta’limning barcha bosqichlarida chet tillarini o‘qitish bo‘yicha xalqaro miqyosda tan olingan dasturlar va darsliklarni tatbiq etish muhim ahamiyatga ega. Ta’kidlash kerakki, til o‘rganish bo‘yicha aholining barcha toifasiga mos keladigan uslub va tavsiyalarni ishlab chiqish "bog‘cha - maktab - oliy o‘quv yurti - korxona" tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Bu borada mavjud muammolarni bartaraf etish, joylarda aholi, ayniqsa, yoshlarga qulaylik yaratish yuzasidan zarur takliflar bildirildi.

– Forumda viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarini qisqa mudatlarda ingliz tiliga o‘qitish, malakasini oshirish bo‘yicha faoliyat yuritayotgan ta’lim laboratoriyasini taqdimot qildik, – deydi Zangiota tumanidagi 33-maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Hilola Do‘stmuhammedova. 

[gallery-3059]

– Xususan, MTT pedogoglari 4 oy davomida ingliz, rus tillari, mental arifmetika va nutq madaniyati bo‘yicha bilimlarini mustahkamlaydi. Ushbu loyiha mamlakatimizda yagona bo‘lib, hozirgacha Zangiota, Chinoz va Toshkent tumanidagi MTTlarning 300 nafardan ziyod xodimi qayta tayyorlovdan o‘tdi va ularga sertifikatlar berildi. Ayni paytda boshqa hududlardan ham qiziquvchilar ko‘paymoqda.

Shundan so‘ng Toshkent viloyati hokimligi yoshlarga xorijiy tillarni maqsadli o‘rgatish bo‘yicha Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Ta’lim markazi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va O‘zbekiston-Yaponiya Inson resursini rivojlantirish markazi (UJC) bilan anglashuv va hamkorlik memorandumini imzoladi. Ushbu kelishuvlar doirasida pedagogik texnologiyalarni o‘zaro almashish, o‘qituvchilar va yoshlarga xorijiy tillarni maqsadli o‘rgatish rejalashtirilmoqda.

– Mazkur hamkorlik bo‘yicha kelgusida Toshkent viloyatining tuman-shaharlarida koreys tilini bepul o‘qitishni rejalashtirganmiz, – deydi Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi ta’lim markazi rahbari O Gi Yol. – Bu aholi, ayniqsa, yoshlarning Koreya davlatida ishlash va o‘qishi uchun xizmat qiladi. Endilikda ko‘plab ta’lim sohasiga oid loyihalarda birgalikda ishlaymiz.

Forum asosiy taqdimotlardan tashqari sho‘’balarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi. Jumladan, birinchi blokda katta yoshdagi o‘quvchilarga chet tillarini o‘rgatish bo‘yicha Britaniya Kengashi (British Council) xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassislari tomonidan ingliz tili koordinatorlari tomonidan “Chet tilini o‘qitishning innovatsion usullari va platformalari”, “APTIS - ingliz tili o‘qituvchilari uchun dastur", "O‘zbek-yapon markazi va O‘zbekistonda yapon tilini o‘qitish” mavzularida muhokamalar o‘tkazildi. 

Ikkkinchi blokda Gyote institutining nemis tili o‘qituvchisi Dilfuza Yusupovaning “Bolalarga nemis tilini o‘qitishning innovatsion usullari va texnikalari”, “Nemis tilini o‘qitishda CLIL-MINT usullaridan foydalanish" mavzularida oflayn taqdimotlari qilindi. Uchinchi blokda esa Konfutsiy instituti mutaxassislari tomonidan yoshlarga xitoy tilini o‘qitishning usullari haqida ma’lumot berildi.

Unda qatnashgan viloyatidagi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari muallimlari malakalarini oshirib, turli mavzularda fikr almashdi.

A.Musayev, O.G‘ulomov(surat), O‘zA