Madagaskarda yomg‘ir qurbonlari 11 kishiga yetdi
Madagaskarda kuchli yomg‘ir ta’sirida hayotdan ko‘z yumganlar soni 11 kishiga yetgan. Bu haqda mamlakat Tabiiy ofat xavfini boshqarish milliy boshqarmasi chop etgan hisobotga tayanib, “Sinxua” ma’lum qildi.
Hind okeanidagi mazkur orol-davlatning besh hududi, jumladan poytaxt Antananarivu atrofi jiddiy zarar ko‘rgan. Markazga yaqin manzillarda yetti kishi, janubi-sharqda to‘rt inson halok bo‘lgan.
Kuchli yomg‘irdan keyingi toshqin oqibatida tog‘li hududlarda 16 000 dan ko‘p odam, jami 4260 oila jabr ko‘rdi. 9 000 dan ziyod aholini vaqtincha joylashtirish markazlariga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi. Suv bosgan 3000 uydan 13 tasi butunlay vayron bo‘lgan.
Hodisa yuz bergan mintaqadagi maktablarda dars 17 fevraldan hafta oxirigacha to‘xtatildi. Mahalliy ma’murlar odamlarni yaqin kunlarda noqulay ob-havo davom etishi ehtimolidan ogohlantirib, hushyor bo‘lishga chaqirgan.